Kogonda maktab o‘quvchilari paxta terimiga jalb etilgani ma’lum bo‘ldi (FOTO)

Kogonda maktab o‘quvchilari paxta terimiga jalb etilgani ma’lum bo‘ldi (FOTO)

Buxoro viloyatining Kogon tumanida maktab o‘quvchilari paxta terimiga jalb etilmoqda. Bu haqda Repost o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, paxta dalasiga beshinchi va undan yuqori sinf o‘quvchilari olib chiqilgan.

Xabar berishlaricha, o‘quvchilardan birining otasi Kogon tumanidagi Paytal qishlog‘ida joylashgan paxta dalasida shu qishloqdagi 15-maktab o‘quvchilari paxta terayotganining guvohi bo‘lgan.

«Alinoz Sherginoz» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaliklariga tegishli paxta dalalarida 13 nafar beshinchi va undan yuqori sinf o‘quvchilari paxta terayotgan bo‘lgan.

«Otam o‘sha kuni ‘To‘niroq’ mahallasiga ketayotgan edi. Yo‘lda u qishloq aholisi va fermerlar bilan birga paxta terayotgan bolalarni ko‘rib qoladi. Otamning bolalarga ‘Siz ota-onangizga yordam berishga chiqdingizmi, qayerda o‘qiysiz?’ degan savoliga bolalar maktabdan paxtaga chiqarilganini aytgan. Paxta dalasida 15-maktab ma’muriyati vakillari ham bo‘lgan. Otam bolalardan nechanchi sinfda o‘qishini so‘ragan. U yerda beshinchi, oltinchi va yuqori sinf o‘quvchilari ham bo‘lgan.

Maktab o‘quvchilarining paxta terayotgani aks etgan suratlar kunduzgi soat 11—12 atrofida olingan.

Fermerlar otamdan ushbu suratlarni hech qayerga tarqatmaslikni so‘ragan. Keyinroq ular bolalarning Kogon tumani hokimi Yo‘ldosh Jumayev buyrug‘i hamda Kogon tumani xalq ta’limi boshqarmasi ko‘rsatmasi bilan paxta dalasiga olib chiqilganini tan olgan.

Bo‘lgan voqeadan keyin 2—3 soat o‘tgach uchastka noziri otamga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rganlari haqida hech kimga gapirmaslikni tayinlagan», — deydi ismi sir qolishini so‘ragan nashr muxbiri.

Manbaning xabar berishicha, bolalar paxta dalasiga dam olish va bayram kunlari olib chiqilmoqda.

1 oktyabr kuni esa manbaning o‘zi bir necha fermer xo‘jaliklarida 17 nafar bola paxta terayotganining guvohi bo‘lgan.

Nashr Buxoro viloyati, Kogon tumani hokimligi hamda 15-maktab ma’muriyati bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Biroq harakatlar besamar ketgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!