Kinotaqriz. “Ajdar tatuli qiz”ning davomi – “O‘rgimchak to‘ridagi qiz” filmi nega “o‘xshamadi”?
Oktyabr oyi oxirida "O‘rgimchak to‘ridagi qiz" ("The Girl in the Spider's Web") filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Ammo u franshizaning birinchi filmi – "Ajdar tatuli qiz"ning muvaffaqiyatini takrorlay olmadi va ijodkorlarga katta moddiy zarar keltirdi. Buning sababi shundaki, “film nozik intellektual o‘yindan oddiy “yugur-yugur”, “ur-tep” jangari filmga aylanib qolgan”, – deb hisoblaydi Eldar Asanov.
Shved yozuvchisi Stig Larssonning xaker qiz Lisbet Salander haqidagi “Millenium” trilogiyasiga ta’rif berib o‘tirish ortiqcha bo‘lsa kerak. Larsson bugungi kunning eng ko‘p o‘qiladigan detektiv yozuvchisi (Den Braun qatorida), u yaratgan obraz – Lisbet Salander esa allaqachon o‘z fanbazasini shakllantira olgan adabiy qahramon hisoblanadi.
Trilogiyaning birinchi kitobi – “Ajdar tatuli qiz” asosida olingan ikkita film (Shvesiya va Xollivud variantlari) o‘z vaqtida yetarli shuhratga erishgandi. Uning muvaffaqiyatlarini davom ettirib, ko‘proq pul topish ilinjida mualliflik huquqi egalari shu yilning 24 oktyabrida “O‘rgimchak to‘ridagi qiz” nomli uchinchi filmni ham taqdim etishdi.
Kartina ustida chinakam baynalmilal jamoa ishladi: urugvalik Fede Alvares rejissyorligidagi filmda bosh rollarni angliyalik Kler Foy va shvesiyalik Sverrir Gudnason ijro etishdi. Jamoaning ancha yoshligi ham uning asosiy yutuqlaridan biri hisoblanayotgan edi. Lekin na milliy tarkib, na yosh tarkibi muvaffaqiyat keltirmadi: roppa-rosa bir oy ichida 43 mln dollar byudjetga ega film dunyo miqyosida 27 mln dollar to‘play oldi, xolos.
“O‘rgimchak to‘ridagi qiz”ning muvaffaqiyatsizligiga nima sabab bo‘lganini quyida ko‘rib chiqamiz.
Avvalambor, film Stig Larssonning original trilogiyasi emas, undan ilhomlanib yozilgan alohida kitobning ekranlashtirilgan ko‘rinishidir. “O‘rgimchak to‘ridagi qiz” kitobining muallifi – David Lagerkrans 56 yoshga kirib, mashhur futbolchiga bag‘ishlangan “Men – Zlatan” biografik kitobi bilan oz-moz nom chiqara olgan, xolos. Bu ham mayli, boshqa bir adibning obrazlari va adabiy dunyosini rivojlantirish, bunda kerakli atmosferani saqlab qolishning o‘zi adabiyotda nihoyatda murakkab, deyarli bajarib bo‘lmas ish hisoblanadi. Sherlok Xolms haqida Artur Konan Doyldan so‘ng yozilgan yuzlab hikoyalardan qaysi biri shuhratga erishgan? Hech qaysisi.
Shunday qilib, filmning birinchi muammosi uning manbasidadir.
Lisbet Salander kitobxonlar orasida birinchi galda nozik intellektual ish olib borishi bilan mashhur. U doimiy hamrohi – jurnalist Mikael Blumkvist bilan birgalikda arxivlarda kunini o‘tkazadi, internetning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqadi, uzundan-uzoq suhbatlar va surishtiruvlar olib boradi. Jamoa xavfli jinoyatchilar bilan deyarli to‘qnashmaydi, asosan murakkab oilaviy ishlarga yechim izlaydi, yo‘qolgan odamlarni topadi, individual savdoyilarni tutib beradi. Ularning faoliyatida mushtlashuvlar, otishmalar deyarli bo‘lmaydi.
“Ajdar tatuli qiz”da butun voqea bir necha o‘n yil muqaddam g‘oyib bo‘lgan bir qizni qidirish atrofida ro‘y beradi, bunda bosh qahramonlarning xarakterini ochib, rivojlantirish, ularning shaxsiy hayotini ko‘rsatishga juda ko‘p vaqt sarflanadi. “O‘rgimchak to‘ridagi qiz”-chi?
Ekran asarida aqliy faoliyatdan asar ham yo‘q. Salander – super-muper xaker, har qanday tarmoqqa kira oladi, hatto rulda ketayotib qarshisidagi mashinaning tizimini buzib kira oladi, lekin bu ishlarni qanday qilishi tushuntirib o‘tirilmaydi. Bu ochiqchasiga tomoshabinning ustidan kulish – “Buni qanday uddaladi axir? Bu deyarli imkonsiz-ku?” singari savollarga “Qahramon – supermen, sen esa pop-kornni yegin-da, makkajo‘xorizorini surishtirma!” deb javob berishdir.
Odatda hammadan yashirinib kun kechiradigan, dushmanlarini kompyuter orqali jazolaydigan Lisbet salkam Shvarsennegerga aylanib, to‘rttalab pishib ketgan, professional qotillar bilan kurashga kirishadi, jikkakkina gavdasi bilan ularni ag‘darib tashlaydi, poygalarda ishtirok etadi, bir so‘z bilan aytganda, noyob va murakkab obrazdan odatiy jangari qahramon darajasiga tushirib qo‘yiladi.
Bunday bo‘lgandan keyin, tabiiyki, film ham nozik intellektual o‘yindan oddiy “yugur-yugur”, “ur-tep” jangari filmga aylanib qolgan. Bema’ni otishma va mushtlashuvdan zerikmagan bir guruh tomoshabin pulini ayamay uni ko‘radi, lekin kinozaldan chiqishi bilan barcha tafsilotlarni unutib yuboradi, filmni tomosha qilishni do‘stlariga tavsiya qilishi ham shubha ostida.
Shunday qilib, kinofranshiza, Lisbet Salander olami o‘z qiyofasini yo‘qotgan. Hech shubhasiz, Salander xonim o‘rniga mutlaqo boshqa bir qahramon ekranda yugurib yurganida ham, kinoning ma’nosi va qiymati o‘zgarmasdi. Kartina mutlaqo “Millenium” fanbazasiga yo‘naltirilmagan, balki zerikkanidan ko‘z yumib kinozal tanlaydigan muxlisga mo‘ljallangan. Uning muvaffaqiyatsizligiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri ham shu: “Xolms”, “Taxtlar o‘yini” kabi seriallar ham, “Marvel” kinofranshizasi ham birinchi galda tegishli adabiy mahsulot muxlislariga yo‘naltirilgan va shu bois, muvaffaqiyatga erishgan. Stiv Martinni o‘qimagan, fantaziyaga qiziqmaydigan odamga “Taxtlar o‘yini” mutlaqo qiziqmas. “O‘rgimchak to‘ridagi qiz” mualliflari Lisbet Salander voqeasi ashaddiy muxlislardan boshqaga qiziq bo‘lishi mumkin, deb o‘ylab jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan.
Atmosferagina emas, birlamchi personajlar ham jiddiy o‘zgarishlarga uchragan. Biz bilgan Lisbet Salander sosiopat (o‘zini jamiyatdan chetda tutuvchi), g‘ayritabiiy fe’l-atvori tufayli boshqalardan ajralib turar, g‘alati kiyinar, g‘alati xatti-harakatlar qilar, lekin, shu bilan birga, ayol sifatida juda jozibador edi; inson sifatida esa tushunarsiz, ammo og‘ir o‘tmishi bois, qiynalganlarga yordam berib yurardi; o‘ziga yaqin oladigan insonlarga ham mehrini juda g‘ayrioddiy tarzda namoyon etardi.
Yangi filmdagi Lisbet Salander eskisining xira nusxasi, xolos. Kler Foy talqinidagi Salander – murakkab fe’lli o‘smir qiz emas, hayotda ko‘pni ko‘rib qo‘ygan erkakshoda ayol. Unda na joziba, na maftunkorlik, na eski sosiopatiya qolgan. Odamlar bilan muomalada biror qiyinchilikka uchramaydi – kechagina tanishgan sakkiz yashar bolaning ko‘nglini olish uchun shaxmat o‘ynashni taklif qiladi, film oxirida opasiga yuzma-yuz kelganida yig‘i-sig‘i qilishdan beriga o‘tolmaydi (hissiyotlarini faqat teshib o‘tadigan nigohi bilangina ifodalashga o‘rganib qolgan Lisbet-a!) eski tanishi Mikael Blumkvist bilan suhbatlashganda o‘tmishda bo‘lgan gaplar, iliqlik va ziddiyatning biror izi sezilmaydi: qosh ostidan qarash, suhbatdagi noqulaylik singari priyomlar Fede Alvaresga mutlaqo notanish ko‘rinadi. Darvoqe, original filmning to‘laqonli bosh qahramoni bo‘lgan Blumkvist bu yerda mebel vazifasini o‘taydi. Salander aralashib qolgani uchungina jinoiy ishga qiziqib, Shvesiyaning eng kuchli xakerini, u bilan allaqachon aloqalarini uzib yuborgan Lisbetni hech qanday qiyinchiliksiz topadi, shundan so‘ng uning yonida yuzida soxta hayajon ifodasi bilan aylanib yuraveradi. Na jinoyatchilarni topishda, na ularga qarshi kurashishda Blumkvistning biror yordami tegmaydi. Uni ekrandan olib tashlasa ham, filmda biror yo‘qotish sezilmaydi (bir rus maqolida aytilganidek, “otryad ne zametit poteryu boysa”). Obraz jonlantirish va rivojlantirish masalasida rejissyorning ham, bosh rollar ijrochilarining kundaliklariga ham hech uyalmay “ikki” qo‘yib, sinfxonadan chiqarib yuborsa bo‘ladi.
Nihoyat, kartinaning oxirgi va eng jiddiy muammosiga keldik. Kino ijodkorlari boshqa juda ko‘plab hamkasblari yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlagan – bosh qahramonning oilaviy hayoti haqida ilgari noma’lum bo‘lgan tafsilotlarni kiritgan, lekin bu tafsilotlar umumiy manzarani shunchalik o‘zgartirib yuboradiki, tomoshabinning hafsalasini pir qiladi. Xaker qiz o‘tmishidagi biror kichik voqeani eslab qolsa, uzoq yillar muqaddam xayrlashgan biror tanishini uchratib qolsa, balki tushunish mumkin edi. Ammo kinochilar negadir uning oilaviy bekgraundini tubdan o‘zgartirib, film syujetini shuning asosiga qurishga qaror qilishgan. Biz bilgan Lisbet Salander – boy odamning qizi, lekin otasi bilan kelishmay uydan chiqib ketgandi, shunda ham otasi bilan aloqani uzmay, undan doimiy pul olib turardi. Yangi kinoda bu narsa butunlay o‘zgarib ketgan: Lisbetning otasi – rus mafiyasining otasi, u manyak va pedofil, qiz undan qochib ketib, butunlay aloqani uzgan va yashirinib yurgan; bu ham yetmagandek, otasining o‘limidan so‘ng uning ishini Lisbetning opasi Kamilla Salander davom ettiryapti va butun film davomida opa-singil bir-biriga qarshi kurashadi. Bu darajadagi keskin va ahmoqona burilish filmdagi mantiqni o‘ldirgan, tomoshabin va kitobxon o‘rgangan eski shartlarni yo‘qqa chiqargan. Tabiiyki, ozgina aqlini ishlatgan odam uni masxara qilishayotganini, odamga, auditoriyaga qaraganday emas, miyasiz hamyonga qaraganday qarashayotganini tushunadi va kinozaldan norozi bo‘lib chiqib ketadi.
Umuman, bunaqa keskin burilishlar kinematografda hech qachon muvaffaqiyat keltirmagan: Jeyms Bond haqidagi “Spektr” filmida ham oldingi seriyalarda mutlaqo esga olinmagan oilaviy tafsilotlar chiqib kelishi, ham filmning bosh antagonisti, ham ilgarigi antagonistlar ortida turgan yovuz kuch Bondning o‘gay akasi bo‘lib chiqishi kinoning maza-matrasasini qochirgan. Lekin unda harqalay, bunaqa ahmoqlikka kulib qo‘ygan edik; bu safargisi hatto kulgili chiqmabdi.
Rejissura, ssenariy, mantiqiy qurilish, syujet originalligi, aktyorlik o‘yini deyarli “nol” darajada bo‘lgan filmning texnik tomonlariga to‘xtalib o‘tish shartmikin? Kinoda yaxshi operatorlik ishi ham, yaxshi maxsus effektlar ham bor. Ammo operatorlik ishi, maxsus effektlar bugungi kunda tomoshabinni hayratga soladigan narsa bo‘lmay qoldi. “O‘rgimchak to‘ridagi qiz”da ham o‘ziga xos biror operatorlik priyomi, esda qolarli postanovka, original to‘qnashuvlar va effektlar yo‘q. Ya’ni kino ijodkorlari franshizani detektiv ko‘chasidan chiqarib, jangari ko‘chaga olib kirarkan, hech bo‘lmasa, shunda ham biror originallik ko‘rsata olmagan. Aslini olganda, jangari filmlar janri allaqachon o‘lib bo‘lgan, mushtlashuv va otishmalar boshqa janrlarni “qizituvchi” motiv bo‘lib xizmat qiladi, xolos. “Ip Man”, “Jon Uik” singari bir-ikkita franshizagina ushbu janrda yangi so‘z aytib, o‘z muxlisini topa oldi.
“O‘rgimchak to‘ridagi qiz” esa hech narsasi bilan esda qolmaydi. U bir martalik kino bo‘lsa ham mayli edi – bolalar to‘planib, o‘rta sifatdagi kino chiqarib, "soqqa" ishladi, deb to‘g‘ri tushunardik. Lekin ular katta ishga qo‘l urishdi yoki bo‘lmasa katta g‘oyani pana qilib pul ishlashmoqchi bo‘lishdi. Bugungi kunda kino sohasida pul ishlash uchun “o‘ldir-o‘ldir”, “portlat-portlat”ning o‘zi kamlik qilishini esa anglab yetishmadi. Natijada esa o‘zlari ham pul ishlay olishmadi (ketgan pulidan ikki barobar kamroq kassa yig‘imlari), mashhur va qiziqarli kinoolamni ham yo‘qqa chiqarishdi. Endi uni tiklash, yangidan auditoriya to‘plash juda qiyin bo‘ladi.
Ushbu ruknda berilayotgan maqolalar sayt qarashini ifodalamasligi mumkin.
