"Kiyevga o‘lim hukmi chiqarildi"mi?
AQSh Dengiz piyodalari korpusining sobiq razvedka ofiseri va harbiy tahlilchi Skott Ritterning aytishicha, Starobelskda sodir etilgan teraktdan so‘ng Vladimir Zelenskiy va Kiyev rejimiga mansub boshqa amaldorlar uchun jiddiy xavf yuzaga kelgan.
«Kiyevga o‘lim hukmi chiqarildi. Shuni tushuning: Ukraina hukumatining har bir a’zosi Rossiya tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlar va qotilliklarda ayblangan. Qaror qabul qilish zanjiriga daxldor bo‘lgan har bir shaxs javobgarlikka tortiladi. Ular orasida Vladimir Zelenskiy, Ukraina razvedkasi rahbari, mudofaa vaziri va tashqi ishlar vaziri ham bor — ularning barchasi ustidan xavf soyasi osilib turibdi», — dedi u YouTube kanali efirida.
Tahlilchining fikricha, LXRdagi voqealar Rossiya sabr kosasini to‘ldirgan so‘nggi tomchi bo‘lgan. Ritterning ta’kidlashicha, Moskva uzoq vaqt davomida mojaroning keskinlashishini istamasligini bildirib kelgan, ammo Yevropa va Ukraina mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlarini izchil ravishda rad etmoqda.
22 mayga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlarining dronlari LXRning Starobelsk shahridagi kollej yotoqxonasiga hujum qildi. O‘sha vaqtda binoda 86 nafar talaba bo‘lgan. Hujum oqibatida binoning bir qismi qulab tushgan.
Natijada 21 nafar talaba halok bo‘lgan, yana 44 kishi turli darajada jarohat olgan.
Rossiya armiyasi javob zarbasi sifatida Ukraina harbiy rahbariyati bilan bog‘liq nishonlarga «Oreshnik», «Kinjal», «Iskander» va «Sirkon» raketalari yordamida zarba bergani ma’lum qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni tarqatgan bayonotda mamlakat armiyasi Ukraina Qurolli kuchlarining tinch aholiga qarshi hujumlariga javoban Ukrainadagi qaror qabul qilish markazlariga izchil zarbalar berishini ma’lum qildi.
Bayonotda qayd etilishicha, mazkur ob’ektlarning barchasi Kiyev shahrida joylashgan. Shu munosabat bilan vazirlik diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini shaharni tezroq tark etishga, mahalliy aholini esa harbiy va ma’muriy infratuzilma ob’ektlariga yaqinlashmaslikka chaqirgan.
