Kasal bo‘ldim, yosh bolalarim bor. Ularni nazoratsiz qoldira olmayman. Nima qilay?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi shtab a’zosi Habibulla Oqilov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda koronavirus infeksiyasini davolash va kasallikni oldini olish bo‘yicha savollarga javob qaytarildi.
- Kasal bo‘ldim, yosh bolalarim bor. Ularni nazoratsiz qoldira olmayman. Nima qilay?
- Bolalar bilan yaqin aloqada infeksiya yuqtirishdan saqlanishning imkoni yo‘q.
Agar izolyasiyalanish imkoniyatingiz bo‘lmasa, bolalar ham infeksiya yuqtirishlari ehtimoli katta. Chunki virusning yuqumliligi o‘ta yuqori.
Hatto muntazam himoya choralari: qo‘lni sovunlab yuvish, niqob taqish, sanitayzerlar, tuzli eritmalar ham bitta joyda bo‘lganda infeksiya yuqishidan himoya qila olmaydi.
Shu o‘rinda unutmaslik kerak, bolalar COVID-19 asosan simptomlarsiz yoki yengil formada o‘tkazishadi.
Faqat tumov, isitma ko‘tarilishi, tomoq qirilishi, ich qotishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Biroq aksariyat holatlarda bolalar o‘zlarini yaxshi his qilishadi va kattalarga qaraganda kuchli lohaslik yoki ishtaha yo‘qolishi kabi belgilar kuzatilmaydi.
Alomatlar paydo bo‘lganda simptomatik davolash: suyuqlik ichirib bolani terlatish, burunni tuzli eritmada chayish, isitma 38,5 dan yuqori ko‘tarilganda - bolalar parasetamoli berish zarur.
