JSST tibbiy asbob-uskunalar bo‘yicha yagona axborot platformasini ishga tushirdi

JSST tibbiy asbob-uskunalar bo‘yicha yagona axborot platformasini ishga tushirdi

Bugun dunyoda profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitasiya maqsadlarida qo‘llaniladigan 10 000 dan ortiq turdagi tibbiy buyumlar mavjud. O‘z navbatida, ularni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham ko‘p.

Ana shunday sharoitda qaysi tibbiy texnologiyaning samaradorligi yuqori, qay biri nisbatan arzon va foydalanish uchun qulay, degan savollar xaridoru buyurtmachilarni jiddiy o‘yga toldirishi tabiiy.

To‘g‘ri tanlov qilish uchun esa ishonchli va boy tahliliy ma’lumotlar bazasi hamda vaqt sinovidan o‘tgan oqilona tavsiyalar zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ana shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ilk bor tibbiy asbob-uskunalar bo‘yicha yagona axborot tizimi — MeDevIS onlayn platformasini ishga tushirdi. U hukumatlar, davolash-profilaktika muassasalari, donor tashkilotlar hamda individual foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

Mazkur tarmoqda reproduktiv salomatlik, onalar va bolalar sog‘ligini muhofaza qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan hamda boshqa turdagi kasalliklar diagnostikasi va muolajasida qo‘llaniladigan 2300 dan ortiq turdagi mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan.

Ular orasida oddiy shpris, tibbiy niqob, elektron termometr va pulsoksimetrdan tortib protezlar, yurak stentlari, murakkab laboratoriya tizimlari, elektrokardiograflar, endoskoplar, gemodializ apparatlari, defibrillyatorlar va innovasion radioterapiya uskunalarigacha bor.

Foydalanuvchilar MeDevIS platformasi orqali o‘zlariga kerakli mahsulot, buyum, texonologiya imkoniyatlari, samaradorligi, zarur infratuzilma, sog‘liqni saqlash tizimi darajasi (masalan, mahalliy klinika yoki ixtisoslashtirilgan shifoxona) kabi ko‘p qirrali axborotlarga ega bo‘ladi.

JSST hozircha faqat ingliz tilida foliyat olib borayotgan yangi platformani kelgusida bosqichma-bosqich takomillashtirib borishni maqsad qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!