JSST: Afrika aholisining o‘rtacha umri 10 yilga uzaydi

JSST: Afrika aholisining o‘rtacha umri 10 yilga uzaydi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, Afrika qit’asida joylashgan mamlakatlardan 47 tasida aholining o‘rtacha umr kechirish ko‘rsatkichi 10 yilga uzaygan.

Bu raqamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 19 yil davomida olib borgan o‘rganishlari yuzasidan tayyorlangan hisobotiga asoslanib keltirilgan.

Unda qayd etilishicha, asrimiz boshida qit’ada odamlarning o‘rtacha umri 46 yoshga teng edi. Ayni paytga kelib bu ko‘rsatkich 56 yoshga yetgan.

JSST vakili Matshidiso Moetining ta’kidlashicha, ushbu o‘sish dinamikasi jahonning boshqa mintaqalariga qiyoslaganda, sezilarli darajada yuqori.

Bu Afrikada malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengayib borayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, 2005 yildan beri OIV, sil, bezgak kabi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish borasida ma’lum yutuqlar qo‘lga kiritilgan.

Mutaxassislar, garchi o‘sish ko‘rsatkichlari quvonarli bo‘lsa-da, biroq erishilgan natijalardan hali to‘laqonli qoniqish hosil qilib bo‘lmaydi, degan xulosada.

Chunki hisobotda keltirilgan davrda dunyo aholining o‘rtacha umr kechirish davomiyligi 64 yilga teng bo‘lgan. Demak, Afrikada aholi salomatligini saqlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada jadal davom ettirish zarur.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!