Jizzax viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirishda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirishda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi va tegishli idoralar tomonidan Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish ob’ektlarida korrupsion xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlari mavjudligi o‘rganildi. 

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, davlat xaridlari jarayonlarining amalga oshirilishida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligi, bunga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan qonuniy munosabat bildirilmagani, tanlov hujjatlarini soxtalashtirganlik kabi holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.  

Bundan tashqari, g‘olib deb topilgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tomonidan tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan boshqa ma’lumotlarni qasddan oshirib ko‘rsatilgan.

Natijada, “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma’muriy bino qurilishida bajarilmagan 905 mln so‘mlik qismi yoki ob’ekt umumiy qiymatining 8 foiz qurilish ishlari hujjatlarida qo‘shib yozib, davlat byudjeti mablag‘larini talon-taroj qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!