JAVOBSIZ QOLGAN VIJDON SO‘ROG‘I yoxud bir guruh “tadbikorlar”ning kirdikorlari haqida

JAVOBSIZ QOLGAN VIJDON SO‘ROG‘I yoxud bir guruh “tadbikorlar”ning kirdikorlari haqida

O‘zbekiston qulay ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanb borayotgan, investisiyaviy jozibadorligi oshayotgan dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Mamdlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Biznes yuritish xalqaro indeksida yurtimiz nufuzi tobora yaxshilaib borayapti.

Bu eng avvalo, soliq islohotlarining tubdan o‘zgarayotgani, tadbirkorlarga turli imtiyoz va yengilliklar berilayotgani bilan bog‘liq. Shunga qaramay, afsuski, tadbikorlarimiz orasida soliqlardan qochish, noqonuniy faoliyat yuritish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi holatlar ko‘plab uchramoqda. Joriy yil oktyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat Konimex tuman sudining ochiq sud majlisida bir guruh tadbirkorlar ustidan ko‘rib chiqilgan holat bunga misol. Ular g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab, noqonuniy daromad olish borasida o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirishgan edi.

S.Parpiyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)  asli navbahorlik. Ko‘p yillar davomida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, qurilish-pudrat  ishlarini amalga oshirib keladi. Xatirchi, Konimex –  viloyatning turli hududlarida yirik qurilish kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan holda yollanma ishchilar yordamida pudrat ishlarini amalga oshiradi. YATT sifatida o‘nlab kishilarni ishlatib, ularga “konvert” usulida oylik-maosh berib, bir qator daromadlarini soliqdan yashirganligi hamda boshqa jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlanadi. Oxir-oqibat YATTni yopib qo‘ya-qoladi.

Biroq, mo‘may daromad topish ilinjidan voz kechmagan Parpiyev konimexlik tanishi L.Homiyev bilan jinoiy til biriktirib, kelishgan holda uning meva-sabzavot eksporti hamda dori-darmon importi bilan shug‘ullanuvchi korxonasini o‘zining nomiga rasmiylashtirib oladi.  Sababi ayni shu vaqtda mazkur korxoa ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, Homiyev esa jazodan qutulib qolishni o‘ylaydi. 

Bu vaqtda korxonaning ijaraga olingan omborida respublikaning turli hududlaridan – dehqonlarning peshona teri bilan yetishtirilgan, biroq haqi to‘lanmagan 18 million AQSh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bor edi.

Korxonaga soxta yangi rahbar tayinlangach mazkur tovarlar Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi hamda anchagina daromadga ega bo‘lishadi.

Kelgusi jinoyat ishi ham puxta o‘ylab ko‘rilgach, dori-darmon savdosi bilan shug‘ullanish maqsadida mazkur daromad evaziga – jami  130 milliard so‘m atrofidagi dori-darmon vositalari  Rossiya, Fransiya, Angliya, Germaniya, Hindiston hamda Polsha kabi mamlakatlaridan import qilinadi va naqd pulda mahalliy bozorda sotila boshlanadi.

Bu vaqtda  ular tomonidan shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi yana bir korxona tuzilib, tegishli lisenziyaga ham ega edilar. Jinoiy to‘daga esa D.Toxirov hamda M.Gadoyev kabi hamkorlar ham qo‘shiladi.

Ular dori-darmon vositalarini lisenziya shartlari bo‘yicha belgilangan joylarda saqlamasdan va realizasiya qilmasdan, kelgusida soliq to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida ulgurji tartibda naqd pulga sotib, sotuvdan tushgan pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan kelgan. Natijada 2017-2018 yillar davomida jami qariyb 1 millard so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanmay qoladi.

Mazkur jinoiy guruh javobgarlikdan qochish maqsadida korxona rahbarligini biri qo‘yib-biri olib – shu tartibda faoliyat olib borishadi. Go‘yoki hammasi xamirdan qil sug‘urgandek – korxona puli yo‘qligi uchun “bankrot” bo‘layapti-yu, uni boshqa birov kelib qayta “oyoqqa turg‘izmoqda”.

Ko‘r-ko‘rni qorong‘uda topadi, deyishadi. Eng qizig‘i ularning bari avval sudlangan, ayrimlari hatto yetti marotabagacha sudning qora kursisiga o‘tirib, axloq tuzatish jazosini o‘tayotgan edi.

  Ularning hamtovoqligi, kirdikorlari tegishli organlar nazaridan chetda qolmadi. Uzoq davom etgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida bir-biriga aloqador korxonalardagi soxtakorliklar fosh bo‘ldi. Aybdorlar sud majlisida jinoyatiga to‘liq iqrorlik bildirmadi. Biroq, mavjud dalililarni inkor etib bo‘lmasdi. Ularning ayrimlari ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, boshqalariga axloq tuzatish ishlari belgilandi.

Qayd etish lozim, bugun jamiyatimiz qo‘lni-qo‘lga berib Yangi O‘zbekiston qurish borasida sa’y-harakat olib bormoqda. Bugungi jadal islohotlar har birimizdan ikki karra mas’uliyat, fidoyilikni talab qilayapti.

Xo‘sh,  ana shunday dolzarb davrda yuqoridagi jinoyatni, egri yo‘lga qadam bosganlarni qanday baholash, mazkur kimsalarni kim deb atash mumkin? Ular o‘zlarining vijdoni oldida ham javob berdimikan?

F.QAHOROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Konimex tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!