Janubiy Koreyada tug‘ilish rekord darajada kamaygan

Janubiy Koreyada tug‘ilish rekord darajada kamaygan

Janubiy Koreyada joriy yil yanvar oyida tug‘ilgan bolalar soni rekord darajada pastlagan. Ekspertlar fikricha, mamlakatda yuzaga kelgan demografik ahvol aholi jadal keksayib borishi, tug‘ilish ko‘rsatkichi tushib ketishi bilan bog‘liq xavotirni yanada kuchaytirdi.

Statistika boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, yanvarda dunyoga kelgan 21 445 go‘dak o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,7 foiz kam. Umuman, bu holat ma’lumot to‘plana boshlagan 1981 yildan buyon qayd etilgan eng past natija.

Koreya Respublikasida so‘nggi yillari tug‘ilish keskin kamaydi, deydi aholishunoslar. Masalan, 2022 yil yanvarda 1 foizni tashkil etgan manfiy ko‘rsatkich 2023 yil yanvarida 5,7 foizga chiqdi. Yanvar oyi misolida 2000 yil 60 mingdan ko‘p bola tug‘ilgan, 2002 yil 50 ming chaqaloq dunyoga kelgan, 2016 yil bu raqam 30 mingni tashkil etgan. 2020 yildan buyon esa ayni miqdor 20 ming atrofida kuzatilyapti.

Hozir Janubiy Koreya chuqur salbiy demografik o‘zgarishni boshdan kechirmoqda. Aksar yoshlar o‘zgarib borayotgan ijtimoiy mezon va hayot tarzi tufayli uylanishni keyinga surmoqda. Ko‘pchilik nikohdan o‘tmayapti, farzand ko‘rishni istamayapti. Ustiga-ustak, yoshlar turar-joy narxi oshib ketgani, mehnat bozorida kuchli raqobat yuzaga kelgani va mamlakatda iqtisodiy o‘sish sustlashgani bois turmush qurishga uncha ro‘yxush bermayapti. Natijada o‘tgan yil tug‘ilish avvalgi yilga nisbatan sezilarli qisqardi va aholi atigi 229 970 kishiga ko‘paydi.

Mutaxassislar fikricha, 2072 yilga borib Janubiy Koreya keksayish darajasi eng yuqori davlatga aylanishi mumkin. Zero, mamlakatda o‘rtacha yosh 44,9 yoshdan 2022 yilga kelib 63,4 yoshga ko‘tarildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!