Italiyada “Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, mamlakatimiz elchixonasi hamda Rim shahridagi Sandro Teti Editore nashriyot uyi hamkorligida “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Tarjima mazkur nashriyot tarafidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan ko‘p nusxada chop etilgan.
Florensiya shahridagi tarixiy “Palasso Strossi” qasrida tarixchi va sharqshunos olimlar, jamoat va madaniyat arboblari ishtirokida tashkil etilgan taqdimot marosimida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi, “Boburnoma” asarining mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda italiyalik atoqli olim, professor Franko Kardini, “Palasso Strossi” majmuasi prezidenti, Italiya Senati a’zosi Rekardo Nenchini, Sandro Teti Editore nashriyoti rahbari Sandro Teti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, mamlakatimiz elchisi Abat Fayzullayev, O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar so‘zga chiqib, “Boburnoma” asarining ushbu mamlakatda nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-ma’naviy aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladilar.