IT ta’lim yo‘nalishiga oid takliflar ko‘rib chiqildi

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida qulay muhitni rivojlantirish borasida dolzarb tashabbuslar va yangi-yangi loyihalar ilgari surilmoqda.
Bugun Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yandeks kompaniyasining Biznes guruhi bosh direktori Daniil Shuleyko bilan uchrashdi. Unda hamkorlikda ishlashning strategik yo‘nalishlari, kompaniyaning O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirish, elektron hukumat yo‘nalishida hamkorlik hamda IT ta’lim yo‘nalishida takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar yuqori baholandi. Jumladan, IT Parkning «Zero Risk» loyihasi kompaniya rahbariyatida katta qiziqish uyg‘otdi va shu mavzuga doir savol-javob o‘tkazildi.
Shu bilan birga, vazir mamlakatimizda aholi sonining oshib borayotgani, o‘z navbatida, ular uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish muhimligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda IT mahsulotlarini ishlab chiqish va masofadan ishlashga bo‘lgan talab oshdi. Shu maqsadda O‘zbekiston mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni masofadan ishlashga hamda ularni yuqori maoshli ishlarga jalb qilish bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi.
O‘z navbatida, IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun soliq imtiyozlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, IT ta’lim yo‘nalishiga ham katta e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi, deyiladi vazirlik xabarida.