Isroil armiyasida intizom va axloqiy muammolar kuchaymoqda
Isroil Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Eyal Zamir armiyada intizom va axloqiy me’yorlar bilan bog‘liq jiddiy muammolar borligini tan oldi. U yuqori lavozimli ofiserlar oldida so‘zlagan nutqida so‘nggi yillarda bir necha frontdagi urushlar fonida intizom va xulq-atvor qoidalari zaiflashganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda «armiya qadriyatlariga qarshi isyon» deb baholangan qator holatlar kuzatilgan. Ular qatorida marodyorlik holatlari, Livanda Iso payg‘ambar haykalining vayron qilinishi (bu xalqaro norozilikka sabab bo‘lgan), shuningdek harbiylar orasida ruxsat etilmagan nashivkalar va diniy, siyosiy hamda ekstremistik shiorlar tarqalishi bor.
Eyal Zamir bunday harakatlarni axloqqa zid va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Uning ta’kidlashicha, me’yorlarning yemirilishi operasiyaviy tahdidlardan kam xavfli emas va armiya o‘z qadriyatlaridan chekinishga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Marodyorlik haqida gapirar ekan, u bunday holatlar tasdiqlansa, bu sharmandalik ekanini va butun mamlakat obro‘siga putur yetkazishini, hatto qo‘shinlarni «marodyorlar armiyasi»ga aylantirishi mumkinligini aytdi.
Shuningdek, u harbiylar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda bahsli postlar va o‘zini reklama qilish holatlarini ham tanqid qilib, bu «qizil chiziq» ekanini va uni buzganlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishini bildirdi.
