Islom Karimov payg‘ambarni tush ko‘rganmidi?
Islom Karimov haqiqatan buyuk Yo‘lboshchi edi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan bugungi kungacha o‘tgan kechmishga guvoh avlod buni yaxshi anglaydi. Prezident bilan bevosita suhbatlashish imkoniga ega bo‘lganlar u kishini qat’iyatli, dono inson sifatida xotirlashadi. Maqbaradagi muhit ham bu yerda qo‘nim topgan insonning shaxsidan darak berib turgandek.
Hazrat Xizr majmuasining xodimlari bilan suhbatlashdim. Ulardan biri qiziq voqeani so‘zlab berdi.
2005 yili Islom Karimov Xizr alayhissalomni tush ko‘rgan ekan. Payg‘ambar unga “Uyim qulab tushishi mumkin, ustunlari eskirib qolibdi”, deydi. Prezident o‘yga toladi. Birdan xotirasiga bolaligi o‘tgan Afrosiyob tepaliklari keladi.
Olti-etti yoshlarida tepalik bag‘ridagi eski binoni ko‘rsatib, bu qanday joy, deb so‘raganida, kattalar(ehtimol, onalari bo‘lsa kerak) “Xizr payg‘ambarning uylari”, deb javob qilgan ekan.
– Prezident o‘sha kuniyoq masjidimizga keldi, – dedi majmua xodimi. – Ustunlar juda eskirib, yaroqsiz bo‘lib qolgandi. U kishining topshiriqlari bilan bino qisqa fursatda ta’mirlandi.
Buyuk insonlar o‘z taqdirini avvaldan sezadi, deganlari rost. Oradan o‘n yil o‘tib, millat otasi ana shu masjid hovlisiga dafn etildi.
Maqbaradan chiqarkanmiz, ziyoratga kelayotgan odamlar oqimi e’tiborimni tortdi. Ularning orasida turfa millat, din vakillarini uchratish mumkin edi...
Akbar IMOMOV, mehnat faxriysi. "Jomboy tongi" gazetasi