Iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligi 2 barobarga oshiriladi

Iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligi 2 barobarga oshiriladi

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Unga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyoji uchun yetkazib beriladigan elektr energiya miqdorini 120 milliard kVtga yetkaziladi.

Tabiiy gaz qazib olish hajmi esa 62 milliard kub metrga yetkazilib, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligini 2 barobarga oshiriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — zarur energiya resurslari bilan iste’molchilarni uzluksiz ta’minlanishiga erishish.

Ilgari olis hududlarimiz, hatto tuman markazlarida ham elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lardi. So‘nggi yillarda sohada olib borilayotgan tub islohotlar tufayli bu muammolar yechim topmoqda.

Lekin respublikada mavjud energetik infratuzilmaning katta qismi jismonan va ma’nan eskirgan. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi jami 86 ming 155 kilometrdan ortiq masofadagi 10 kVt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining qariyb 40 foizi, ya’ni 34 ming kilometrli qismi 40 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilmoqda. Uning 27 ming 158 kilometrlik qismi 25 yildan 40 yilgacha bo‘lgan muddat oralig‘ida ishlatib kelinyapti. 13 ming 390 kilometrlik qismi tortilganiga 10 yildan 25 yilgacha bo‘lgan. Bor-yo‘g‘i, 13,5 foizining, ya’ni 11 ming 593 kilometr masofadagi elektr tarmoqlarining tortilganiga 10 yildan kam muddat bo‘ldi.

Shuningdek, 14 ming 106 kilometr bo‘lgan 6 kVt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining 5 ming 795 kilometri 40 yildan ortiq, 4 ming 205 kilometr qismi 25 yildan 40 yilgacha bo‘lgan muddat oralig‘ida, 2 ming 186 kilometr qismi esa 10 yildan 25 yilgacha bo‘lgan muddatdan beri ishlatib kelinyapti. Atigi 1 ming 919 kilometr qismi esa 10 yildan kam muddat ishlagan. Bu ulush 13 foizdan sal ziyodroqni tashkil qiladi.

Bu raqamlar 0,4 kilovolt kuchlanishga mo‘ljallangan 138 ming 369 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida ham deyarli xuddi shunday. Ya’ni uning 36,3 foizini tashkil qiluvchi 50 ming 177 kilometr masofadagi elektr kabellar 40 yildan ortiq muddat mobaynida xizmat qilib kelayotgani uchun ma’nan va jismonan eskirgan.

Mazkur elektr tarmoqlarini yangilash, tizimni modernizasiya qilish va rivojlantirish uchun juda katta mablag‘ talab etiladi. Shu bilan birga, mavjud 94 mingta transformatorning 33 mingtasi ham ta’mirga muhtoj. Birgina shuning o‘zi uchun qo‘shimcha 380 million AQSh dollari zarur bo‘ladi.

Magistral gaz quvurlari bo‘yicha ham huddi shu ahvol. Ularning 63 foizi 30 yildan ko‘proq, 29 foizi 13 – 30 yildan beri uzluksiz foydalanib kelinyapti. Mavjud quvurlarning atigi 8 foizi 12 yildan kamroq vaqt ishlatilgan bo‘lib, qoniqarli holatda deyish mumkin. Buning oqibatida mamlakat gaz infratuzilmasi o‘z loyiha quvvatining 35-38 foiz darajasida ishlamoqda.

Energiya infratuzilmaning eskirib ketganligi sababli mavjud energiya resurslarini iste’molchilarga yetkazib berish jarayonining o‘zida katta yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Davlat tomonidan yillar davomida sohani budjet hisobidan subsidiyalash, yangi qo‘shilgan iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish kabi ishlar uchun ko‘p mablag‘ sarflab borilgani tufayli infratuzilmani yangilash ishlari ancha orqada qolgan.

Shu jihatdan, kelgusi 5 yillikning o‘zida bir necha milliard dollar mablag‘ aynan eskirgan vositalarni yangilash uchun ajratilishi zarurati yuzaga kelgan. Bugungi murakkab sharoitda eskirgan infratuzilmani modernizasiyalash orqali yo‘qotilayotgan resurslarni iste’molchilarga yo‘naltirish shubhasiz, energetikadagi uzilishlarga barham berishda muhim omil bo‘ladi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, elektr energiyasi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, ko‘rilayotgan ta’sirchan choralar shubhasiz, mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligi, pirovardida esa, aholi farovonligiga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, energiya resurslaridan samarali, oqilona foydalanishimiz, barcha energiya sarf-xarajatlarimizni doimiy kuzatib borishimiz, qisqasi, tejamkorlikka o‘rganishimiz zarur. Zotan, dunyoning ko‘plab davlatlarida elektr energiya taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda, energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish eng ustuvor vazifalardan biridir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!