Iordaniya armiyasi giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishning oldini oldi
Iordaniya qurolli kuchlari armiyaning janubiy qo‘mondonligi dushanba kuni giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishning oldini olganini ma’lum qildi. Kontrabandachilar podshohlikning g‘arbiy chegarasidan dron yordamida narkotik moddalar yukini olib o‘tmoqchi bo‘ldi.
Iordaniya qurolli quchlari vakilining aytishicha, Iordaniya janubiy qo‘mondonligi chegara bo‘linmalari mamlakatning g‘arbiy chegarasi orqali dronning noqonuniy chegarani kesib o‘tishga urinishini aniqlagan.
Bayonotda dron qaysi davlat bilan chegarani kesib o‘tganiga aniqlik kiritilmagan. E’tibor bering, Iordaniya shimoli-sharqda Iroq, sharq va janubda Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh.
Foto: Iordaniya qurolli kuchlari
Iordaniya harbiylari bunday holatlar uchun ishlab chiqilgan jangovar harakatlar qoidalarini qo‘llagan, buning natijasida dron Iordaniya hududida urib tushirilgan. Qo‘lga olingan materiallar tegishli idoralarga topshirildi, deyiladi xabarda.
Armiya vakilining ta’kidlashicha, Iordaniya qurolli kuchlari chegaradagi har qanday tahdid va milliy xavfsizlikka putur yetkazish va tinch aholiga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga qat’iy javob berishda davom etadi.
Iordaniya muntazam ravishda giyohvand moddalar kontrabandasiga urinishlarga duch keladi, bu so‘nggi yillarda kuchaygan.