Investisiyaviy nizolarning sudlovga taalluqliligi

Investisiyaviy nizolarning sudlovga taalluqliligi

So‘nggi yillarda investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga hamda xorijiy va mahalliy investorlarning manfaatlarini himoya qilish borasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu chora-tadbirlarning davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 24 iyuldagi PF-6034-sonli Farmonida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida yigirma million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investisiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investisiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berilgan sudlov tarkibini tuzish haqidagi taklifi ma’qullangan edi.

Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2021 yil 12 yanvardagi O‘RQ-662-sonli va “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021 yil 12 yanvardagi O‘RQ-663-sonli O‘zbekiston Respublikasining qonunlari qabul qilindi. Ushbu qonunlar bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Jumladan, ma’muriy sudlarga hamda iqtisodiy sudning sudloviga taalluqli bo‘lgan “Investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar” tushunchalari mazkur ishlarning sudlarga tegishliligini yoritib beruvchi qonun normalari bilan to‘ldirildi. Shu o‘rinda investor so‘zining lug‘aviy ma’nosiga qarasak, u lotin tilidagi inverto so‘zidan olingan bo‘lib, ag‘daraman, o‘zgartiraman degan ma’nolarni anglatadi. Investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar deganda chet el yoki mahalliy investorlarning investisiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorning investisiya faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni qamrab oluvchi ishlar tushuniladi. Biroq barcha investisiyaviy nizolarni ma’muriy sudning sudloviga taalluqli deb bo‘lmaydi. Ya’ni MSIYutK va IPKga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ma’muriy va iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘lgan investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga bevosita investisiya shartnomasi bilan bog‘liq bo‘lgan va (yoki) undan kelib chiqadigan nizolar kiradi. Qayd etilganlarga ko‘ra, ma’muriy sudning sudloviga va iqtisodiy sudning sudloviga taalluqli ishlar investor, shu jumladan yirik investor va davlat organlari o‘rtasida ularning investisiya faoliyati bilan bog‘liq shartnoma majburiyatlari yuzasidan kelib chiqqan nizoni investisiyaviy nizo sifatida tushunish lozim bo‘ladi.

“Investisiyalar va investisiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra, investisiya shartnomasi bu investisiya faoliyati sub’ektlari o‘rtasida tuziladigan, investisiya shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan yozma bitimdir. Investisiya faoliyati sub’ektlari esa bu investisiya shartnomasi taraflari hisoblanadi. Bunda bir tomondan O‘zbekiston Respublikasining nomidan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan boshqa organlar, tashkilotlar yoki ularning birlashmalari bo‘lsa, ikkinchi tomondan foyda olish maqsadida investisiya faoliyati ob’ektlariga o‘z mablag‘larini va (yoki) qarz mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investisiya resurslarini investisiya qilishni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar (investorlar)ni tushunish lozim bo‘ladi.

Investorning investisiya faoliyati bilan bog‘liq shartnoma majburiyatlari sifatida investisiya faoliyatini amalga oshirish uchun investor va davlat organi o‘rtasidagi investisiya kontrakti yoki boshqa shartnomalar, shu jumladan, konsessiya shartnomalari, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida kelishuvlar (shartnomalar), xususiylashtirish jarayonida sotib oluvchi (xaridor) tomonidan investisiyaviy va (yoki) ijtimoiy majburiyatlar qabul qilish sharti bilan davlat mulkining oldi-sotdisi shartnomalari shaklida rasmiylashtirilgan investorlar va davlat organlari o‘rtasidagi majburiyatlar tushuniladi.

Ma’muriy sudning sudloviga taalluqli investisiyaviy nizolar jumlasiga investorlar bilan ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining investisiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq qarorlari harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlar mansub bo‘lib, iqtisodiy sudning sudloviga taalluqli investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlardan farqlanadi. Ma’muriy sudning sudloviga taalluqli investisiyaviy nizoda ariza (shikoyat) predmeti bo‘lib investisiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar yoki harakatlari (harakatsizligi) hisoblanadi.

Iqtisodiy sudning sudloviga taalluqli investisiyaviy nizolarni taalluqliligi masalasiga baxo berishda eng avvalo IPKning 25-moddasida belgilangan iqtisodiy sud iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, investorlar o‘rtasidagi ularning investisiya faoliyatidan kelib chiqadigan fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan nizolarni hal etishiga e’tibor qaratgan holda, iqtisodiy sudning sudloviga bevosita investisiyaviy shartnomalarga oid ishlar taallluqli bo‘ladi.

IPK 301-moddasiga ko‘ra, investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) investisiya shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq nizolar;

2) investisiya shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolar;

3) investisiya shartnomasining bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;

4) investisiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliqqa, bojxonaga oid, ijtimoiy, ekologik majburiyatlarning va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;

5) investisiya shartnomasi bo‘yicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish, shuningdek bunday shartnoma bo‘yicha neustoyka undirish va (yoki) zararlarni o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar.

Investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlarning ma’muriy sud sudloviga tegishliligi MSIYutKning 28-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar yirik investorning xohishiga ko‘ra, bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, qolgan investisiyaviy nizolar investorning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkin.

Investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlarning iqtisodiy sudlarning sudloviga tegishliligi IPKning 32-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, yirik investorning xohishiga ko‘ra investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar bevosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘riladi, boshqa investisiyaviy nizolar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘riladi.

Bunda shuni inobatga olish lozimki, bunday ishlarning sudlovga tegishliligi investor hisoblanuvchi arizachi (da’vogar)ning tanlovi bo‘yichi amalga oshirilishi belgilangan.

Agar arizachi yirik investor hisoblanmasa, u o‘z tanloviga ko‘ra qarori nizolashilayotgan ma’muriy organ joylashgan joydagi yoxud harakati (harakatsizligi) ustidan nizolashilayotgan mansabdor shaxsning ish joyi joylashgan tumanlararo ma’muriy sudga yoki javobgar joylashgan yerdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudiga murojaat qilishi mumkin.

O‘z navbatida, agar arizachi yirik investor hisoblanmasa, u o‘z tanloviga ko‘ra tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga yoki javobgar joylashgan yerdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar sudiga murojaat qilishi mumkin.

Agar arizachi yirik investor hisoblansa, u o‘z tanloviga ko‘ra:

- ma’muriy sudga taalluqli ishlar bo‘yicha qarori nizolishilayotgan ma’muriy organ joylashgan joydagi yoxud harakati (harakatsizligi) ustidan nizolashilayotgan mansabdor shaxsning ish joyi joylashgan tumanlararo ma’muriy sudga yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga;

-iqtisodiy sudga taalluqli ishlar bo‘yicha javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qilishi mumkin.

Yirik investor tomonidan Oliy sudga da’vo (shikoyat) berishda, u investisiyani amalga oshirish bo‘yicha shartnomani va yirik investor maqomiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatni, yirik investor bo‘lmagan shaxs tomonidan viloyat bo‘g‘inidagi sudga shikoyat berilganda esa, investisiyani amalga oshirish bo‘yicha shartnomani taqdim etishi shart.

Da’vogarning tanlovi bo‘yicha sudlovga tegishlilik qoidasi davlat organlariga tatbiq etilmaydi. Shuning uchun investorning (yirik yoki yirik emasligidan qat’iy nazar) investisiya faoliyati bilan bog‘liq nizo vujudga kelganda, davlat organi, agar investor O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lsa, javobgar (investor) joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga, yoxud sudlovga tegishlilikni o‘zgartirish to‘g‘risida kelishuv (shartnoma bo‘yicha sudlovga tegishlilik) mavjud bo‘lsa, boshqa iqtisodiy sudga da’vo arizasi bilan murojaaat qilishi kerak.

Investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilinishi takomillashishi investisiyaviy nizolarni to‘g‘ri, tez va samarali hal qilinishiga, yagona sud amaliyotini shakillantirishga hizmat qiladi.

Zarifa Qurbonova,

Namangan viloyat ma’muriy sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!