INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI ULUG‘LANGAN YURT

Mamlakatimizda keyingi paytda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Qayerdaki qonun ustuvor bo‘lsa, taraqqiyot o‘sha yerda bo‘ladi. Shu maqsadda 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Referendumda Konstitusiyamizga kiritilgan yangi o‘zgarishlarni maqullab ovoz berdik.
Chunki, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan davlatda qonunlar hammaga barobar bo‘lishi kerak.
Konstitusiyaning uchinchi bobi bevosita Konstitusiya va qonunning ustunligi masalasiga qaratilgan. Yurtimizda Konstitusiya va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi, deyilgan. Konstitusiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ikkinchi bo‘lim inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan.
Insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitusiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. Barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Insonning Konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli bo‘lmaydi.
Shaxsning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilanmoqda.
Bosh qomusimiz 21-moddasida har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga egaligi qayd etilgan. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitusiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat sifatida baholangan.
Mamlaktimizda o‘lim jazosi taqiqlanadi. Bu ham huquqiy-demokratik davlatning talablaridan biri. Shuningdek, 26-moddada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlatda inson huquq va erkinliklari ustuvor bo‘lishi bor gap.
Umidjon Maxammadiyev,
Samarqand viloyati ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi