Tramp Bayden siyosatiga o‘zgartish kiritadi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Amerikaning sobiq rahbari Jo Bayden davrida qabul qilingan sun’iy intellekt texnologiyalari uchun mamlakatda ishlab chiqarilgan chiplarni eksport qilish qoidalaridan voz kechishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, eksport nazorati me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish Trampning Yaqin Sharqqa tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Mintaqaning ba’zi mamlakatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari avvalroq AQSh firmalaridan sun’iy intellekt chiplarini sotib olish bo‘yicha cheklovlardan norozilik bildirgan edi. Endi ular Vashington bilan yangi, yanada qulayroq yetkazib berish shartlarini kelishib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb yozadi agentlik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden davrida qabul qilingan AQSh chiplarini import qiluvchi mamlakatlarni cheklovlar darajasiga ko‘ra uch toifaga bo‘lish to‘g‘risidagi qaror, ehtimol, ilgari kutilganidek, 15 maydan kuchga kirmaydi. Rossiya, Eron, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar Bayden tomonidan maksimal taqiqlar qo‘llanilgan uchinchi toifadagi davlatlar qatoriga kiritilgan. Bloomberg nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati Amerika mikrosxemalarini Xitoyga, masalan, Malayziya va Tailandga o‘tkazayotgan mamlakatlarga nisbatan toifalardan voz kechish va alohida eksport cheklovlarini joriy etishni nazarda tutuvchi yangi qoida ustida faol ish olib bormoqda.
"Baydenning sun’iy intellekt sohasida chiplarni yetkazib berish qoidasi haddan tashqari murakkab, haddan tashqari byurokratik va Amerika innovasiyalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Biz uni ancha sodda qoida bilan almashtiramiz, bu AQShga sun’iy intellekt sohasida ustunlikni ta’minlaydi," - dedi nashrga AQSh Savdo vazirligi qoshidagi Sanoat va xavfsizlik byurosi matbuot kotibi.