Inklyuziv ta’lim yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yilning 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylashtirish va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim yaratilishi, ularning o‘qishi, kasb-hunar o‘rganishi va ishlashi uchun to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘rilishi, bunda nogironlikni kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, o‘zini o‘zi eplashi, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilash tizimiga o‘tilishi ta’kidlanib, ana shu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar berilgan edi.
Videoselektorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, inklyuziv ta’lim qamrovini kengaytirish, ana shu toifadagi yoshlarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov Xo‘jaobod tumanidagi zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi hamda Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 17- kar bolalar maxsus maktab-internatida bo‘ldi.
Institut rektori Xo‘jaobod tumanidagi zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayonlari, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ta’kidlash kerakki, 1968 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur maktab-internat zaif eshituvchi bolalarga mo‘ljallangan Farg‘ona vodiysidagi yagona ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu maktabda «Zamin» fondi vasiyligida 225 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktab- internatda 4 ta tayyorlov guruhi, 22 ta akademik sinflarda 65 nafar defektolog va surdopedagog ish olib bormoqda.
Shundan so‘ng institut rektori Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 17- kar bolalar maxsus maktab-internatida bo‘ldi. Maktab 1985 yilda ochilgan ushbu maktabda bugungi kunda 215 nafar o‘quvchiga 140 nafar pedagog-o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda.
Rektor yuqoridagi maktablarda nogiron bolalarning o‘qishi uchun zarur shart-sharoitlar, qo‘shimcha qulayliklar yaratib berilganligini e’tirof etdi. Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning qiziqishlari, kelajak rejalari xususida mutaxassislar ko‘magida ular bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqotlarda yoshlar o‘qishga, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqlari baland ekanligini ta’kidladi.
Kelgusida ushbu ta’lim muassasalari bilan Andijon davlat pedagogika instituti hamkorligini yo‘lga qo‘yish, maktablar bitiruvchilari uchun institutda “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni oliy ta’limga qamrash, shuningdek, hamkorlikda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, ta’lim metodlari va dasturlarini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.