Husiylar Saudiya neft tankerlariga hujum qildi
Yamandagi «Ansor Alloh» (Husiylar) harakati Qizil dengizda Saudiya Arabistoniga tegishli ikki neft tankeriga hujum qilganini ma’lum qildi. Bu hujum harakat Saudiyaga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilganidan keyingi ilk shunday operasiya sifatida baholanmoqda.
Husiylar vakili Yahyo Sarianing aytishicha, hujum ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, dronlar yordamida amalga oshirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar natijasida tankerlarda yirik yong‘inlar kelib chiqqan va kamida o‘nta kema o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Biroq Saudiyaning Asharq Al-Awsat nashri manbalari faqat bitta tankerga hujum urinishi bo‘lganini tasdiqlab, ekipaj xavfsiz ekanini ma’lum qildi.
Husiylar Saudiyaga qarshi «blokadaga javoban blokada» tamoyili asosida dengiz operasiyalarini davom ettirishini bildirdi. Ular Saudiya tomonidan Yamanga qarshi har qanday harakat keng ko‘lamli javob operasiyalariga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, husiylar Yaman sohillari va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofidagi hududlarga raketa majmualari, dronlar, portlovchi moddalar o‘rnatilgan qayiqlar hamda boshqa harbiy texnikalarni joylashtirmoqda.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio vaziyatning keskinlashuvida husiylarni ayblab, Vashington Saudiya Arabistoni bilan doimiy aloqada ekanini va mojaroni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga umid qilayotganini aytdi.
Tahlilchilarning fikricha, hujumlar Saudiya neft eksporti infratuzilmasiga ham ta’sir ko‘rsatsa, bu jahon neft bozorida ta’minot zanjirlarining izdan chiqishi va narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.
