Humo to‘lov tizimini xususiylashtirish bo‘yicha konsultant tanlovi e’lon qilindi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) “Milliy banklararo prosessing markazi” AJ (Humo to‘lov tizimi) ustav kapitalidagi davlat ulushining 100 foizini ommaviy savdolar orqali xususiylashtirishni tashkil etish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini tanlash bo‘yicha tanlov e’lon qildi.
Humo’ning 100 foiz davlat ulushini sotish prezidentning 19 apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. 2019 yilning noyabr oyida prezident qarori bilan Markaziy bank Axborotlashtirish bosh markaziga tegishli bo‘lgan Humo’ning davlat ulushi (100 foiz) DABAga o‘tkazilgan va kompaniya (MCHJ) AJga aylantirilgan edi.
21 may kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan jamiyatning nominal qiymati 1000 so‘m va umumiy qiymati 155,4 milliard so‘m (ustav kapitali) bo‘lgan 155,448 million donadan ortiq oddiy aksiyalari chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Sotish jarayonlari “Milliy banklararo prosessing markazi” AJning tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston qonunchiligi talablari doirasida eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim, — deyiladi xabarda.
Milliy banklararo prosessing markazi 2018 yil sentyabr oyida prezident qarori bilan tashkil etilgan.
Humo to‘lov tizimi o‘sha paytdagi yagona prosessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan so‘ng paydo bo‘lgan.
O‘sha yili 15 sentyabrida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Uzcard to‘lov tizimi qariyb 3 kunga ishdan chiqqan edi.
Buning natijasida deyarli barcha aholi plastik kartalaridagi o‘z pullarini ishlatish imkoniyatini vaqtincha yo‘qotgan.
19 sentyabrda esa prezident O‘zbekistonda yangi milliy to‘lov tizimi yaratalishi haqida qaror qabul qilgan.
