Harbiylar Piskentda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashdi

Bugun yuz yosh bilan yuzlashayotgan inson uchun o‘tkinchi dunyo hoyu havasi, molidan ko‘ra, e’tibor va g‘amxo‘rlik birlamchi o‘rin tutadi. Toshkent viloyati Piskent tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik qilayotgan Abdurasul ota Qodirov ham hozirda o‘zi, o‘zi qatori boshqa nuroniylarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromdan juda mamnun.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Akmal Ortiqov va O‘zbekiston xalq artisti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi Afzal Rafiqov boshchiligida bir guruh harbiylar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi faolllari, Piskent tuman hokimligi vakillari Abdurasul bobo bilan samimiy suhbat qurishdi.
Kelguvchilardan shod bo‘lib o‘zining askarlik damlarini eslagan otaxon 1944-1945 yillarda boshidan o‘tkazgan voqelarni so‘zlab berdi.
– Men aloqachi bo‘lganman. Jangga kirganimda 19 yoshda edim, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdurasul ota Qodirov. – O‘sha zamonlarning nimasiniyam gapirardim. Qancha yurtlarni, ellarni ko‘rdim. Shu kunlarga yetkazganiga ming shukr. Meni yo‘qlabsilar sizlarni Xudo yorlaqasin.
Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirlar davomida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga nogironlik aravachasi, quloqchin, hassa kabi kerakli vositalar topshirildi.
Shuningdek, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 21 turdagi zarur dori-darmon va tibbiy anjomlar berildi. Barchadan o‘zining duo nasihatlarini ayamaydigan, farzandlari va nabiralarining e’zozida bo‘lgan Abdurasul bobo xonadonidan chiqib, boshqa manzil sari otlandik.
101 yoshdan o‘tib, 102 yoshni qarshilayotgan farishtasuvrat otaxon. U ham birinchi jahon urushidan keyingi inqirozlar va fashizmga qarshi olib borilgan Ikkinchi jahon urushi jangohlaridagi qirg‘inbarotlarning tirik guvohi.
Gap Toshkent viloyati Piskent tumani “Saidobod” mahalla fuqarolar yig‘ini Ulug‘bek ko‘chasi 7-uyda yashovchi Ergash ota Karimov haqida ketyapti. Bir asrni boshdan o‘tkazgan Ergash bobo holidan ham xabar olindi.
Hozirda Piskent tumanida 7 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari istiqomat qiladi. Aytish joizki, ushbu xayrli amal bilan millatlarning tinchligi, bugungi yorug‘ kunlar uchun kurashgan piskentlik urush qahramonlarining xonadoniga emas, balki ularning ko‘ngillariga tashrif buyurildi. Buni ularning mehmonlarni ko‘rib, xuddi o‘z safdosh jo‘ralarini ko‘rganday xursand bo‘lganidan ham sezish mumkin.
Shu kuni Piskent tumanidagi 30-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, bir guruh Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda Piskent tuman hokimligi vakillari, o‘qituvchi va murabbiylar, o‘quvchilar qatnashdi.
Uchrashuvda so‘z olganlar tomonidan fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbek xalqi ko‘rsatgan qahramonliklar yana bir bor yodga olindi. Ayniqsa, urushda beshta o‘g‘lini boy bergan matonatli onaxon Zulfiya Zokirova haqidagi videorolik barchaning qalbini to‘lqinlantirib yubordi.
Tadbirda bugungi tinch va osoyishta kunlarga yetib kelishimizga sababchi bo‘lgan urush qahramonlariga xalqimiz nomidan minnatdorchilik bilidirildi.
Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazish belgilangan.