HAMAS G‘azo sektorini boshqaruvchi tuzilmani tarqatib yubordi
Falastinning HAMAS harakati 6 iyul kuni G‘azo sektorini qariyb yigirma yildan beri boshqarib kelayotgan ma’muriy organni tarqatib yuborishini e’lon qildi. Tegishli qaror mintaqada fuqarolik boshqaruvini joriy etish uchun texnokratik qo‘mitaga yo‘l ochadi. Bu haqda Al Arabiya manbalariga tayanib xabar berdi.
HAMAS 2006 yilda G‘azodagi saylovlarda g‘alaba qozongandi. 2007 yilda HAMAS raqib guruh hisoblangan “Fath” harakatidan sektor nazoratini tortib olgan. Guruhning hozirgi qarori katta siyosiy burilish hisoblanadi.
"Hukumatning favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Muhammad al-Farra rasman iste’fo berdi. Shuningdek, u G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mitaga ma’muriy o‘tishni osonlashtirish uchun o‘z qo‘mitasini tarqatib yuborishga qaror qildi", — dedi HAMAS media idorasi rahbari Ismoil as-Savabta.
G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mita AQSh prezidenti Donald Tramp tashkil etgan Tinchlik kengashi tomonidan tuzilgan. Ushbu kengash 2025 yil oktyabr oyida HAMAS va Isroil o‘rtasidagi sulhda vositachilik qilgan.
"HAMAS G‘azo sektori boshqaruvini topshirish bo‘yicha yangi qadam tashladi. Bu bosqinchilarning tajovuz va qirg‘inbarot urushni davom ettirishi uchun har qanday bahonalarni yo‘qotish maqsadida qilindi. Biz Milliy qo‘mitaning G‘azoga tezroq kirib kelishini kutmoqdamiz", — dedi HAMAS vakili Hazem Qossim.
HAMAS organining tarqatilishi falastinlik texnokrat Ali Shaas boshchiligidagi Milliy qo‘mitaga ma’muriy vazifalarni o‘z zimmasiga olishga imkon beradi. Qo‘mita a’zolari bir necha oydan beri G‘azodan tashqarida qolib kelayotgandi. Bunga Isroilning ularni urushdan vayron bo‘lgan hududga kiritishga qarshilik qilgani sabab bo‘lgan.
2025 yilning oktyabr oyida HAMAS va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgan. Shundan beri guruh kundalik boshqaruvdan chekinishga tayyorligini bir necha bor ma’lum qilgan. Biroq harakatni qurolsizlantirish kabi murakkab masala hamon hal bo‘lmay qolmoqda.
