Haj uchun to‘lov miqdori ma’lum qilindi

Haj uchun to‘lov miqdori ma’lum qilindi

“Haj-2023” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 68 million 760 ming so‘m etib belgilandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Haj tadbiri shartnomalari Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziriligining Haj elektron portali orqali belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonidagi barcha xorijiy va mahalliy ziyoratchilar uchun quyidagi talablar belgilangan:

Hojilar Saudiya Arabistoni podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan Pfizer, Oxford, Moderna, Johnson, Covovax, Nuvaxovid, Sinopharm, Sinovac, Covaxin, Sputnik-V vaksinalarining to‘liq dozasini qabul qilgan bo‘lishi shart.

Barcha ziyoratchilar Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, miningitga qarshi to‘rt valentli vaksinani qabul qilgan bo‘lishi zarur.

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mavsumiy grippga qarshi emlanish tavsiya etilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar joriy yilning 4 iyunidan 19 iyuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqarao aeroporti — Toshkent, Namanagan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali Madina shahriga yuboriladi.

Ilhom Ma’rupovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy Haj kvotalari soni 15 ming nafar etib belgilangan.

Ma’lumot uchun “Haj-2022” mavsumi uchun bir nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m bo‘lgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!