"Haj operasiyasi": bir nechta turistik firma xodimlari qo‘lga olindi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning muqaddas “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgani bois, ushbu maqsadda Saudiya Arabistoni Podshohligiga boruvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda.
Lekin, joriy yilgi “Haj” mavsumi arafasida ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarimizni “Haj” safariga yuborish bilan bog‘liq asossiz takliflar ham bildirilmoqda.
Afsuski, bunday takliflar orqali Saudiya Arabistoniga boruvchi vatandoshlarimiz sarson-sargardon bo‘lishlari mumkin.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari YA.M. o‘zganing ishonchiga kirib, uni va tanishini “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 16 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi boshqa bir turistik firma xodimi A.T. esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaroga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 10 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Buvayda tumanida kuzatilgan holatda Andijon shahridagi turistik firma vakili M.J. Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaroning onasiga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 8500 AQSh dollaridan 3 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.