G‘uzordagi ikki bolaning o‘limiga Qrim-Kongo virusi sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

G‘uzordagi ikki bolaning o‘limiga Qrim-Kongo virusi sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

Xabaringiz bor, 2022 yil 20 iyun kuni G‘uzor tumani tumani tibbiyot birlashmasida 3 yoshli bola o‘limoldi holatida olib kelingan va u shifoxonada vafot etgani, oradan ikki kun o‘tib, vafot etgan bola bilan bitta hovlida yashagan, 2016 yilda tug‘ilgan qizcha ham noma’lum kasallikdan vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur hodisa shov-shuv bo‘lgach Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati G‘uzorga malakali vrachlar yuborilganini xabar berdi.

Oradan bir necha kun o‘tib, SSV ikki nafar bola ham o‘ta xavfli infeksion kasallik – gemorragik isitmadan vafot etgani taxmin qilinayotganini bildirdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘shanda g‘uzorlik bolalar Qrim-Kongo virusi tufayli vafot etgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi Umir Mirzayevga ko‘ra, mazkur virus asosan chorva mollarida bo‘ladigan kanadan yuqishi mumkin.

Kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l bilan sog‘lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.

Uning aytishicha, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:

— badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak;

— kanalarni qo‘l bilan ezib, qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik;

— kananing ustki qismiga 1 tomchi o‘simlik moyi tomizilsa kana o‘ladi;

— chorvachilik bilan shug‘ullanadigan aholi yiliga 2 marta dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishi kerak;

— eski molxonalarda vaqti-vaqti bilan ta’mirlash ishlarini olib borish kerak;

— qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va pochalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kerak.

«Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Olimlar iksod kanalarining suvsiz va ozuqasiz 20 yildan ortiq yashashi mumkinligini aniqlagan. Eski molxonalar, devor kavaklarida yashiringan kanalar ob-havoning seryomg‘ir kelishi va havo haroratining birdan qattiq isib ketishi natijasida harakatga keladi. Shu sababli molxonalarda vaqti-vaqti bilan kreolinning 3 foizli ishchi eritmalari bilan dezinfeksiya ishlari o‘tkazib turilishi kerak», deydi U.Mirzayev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!