Gunohdan tiyilishning yagona chorasi

Gunohdan tiyilishning yagona chorasi

Ba’zan: “Bir gunohni, yomonlikni yo‘q qilish uchun uning manbaini yo‘qotish kerak”, degan gapni eshitib qolamiz. Bu noto‘g‘ri tushuncha! Siyrat asarlaridan o‘qigan bo‘lsangiz, esingizdadir: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nubuvvatning ilk yillarida Haramda namoz o‘qir, Parvardigorga uzoq-uzoq sajda qilardilar. Holbuki, o‘sha paytda birgina Ka’ba ichida uch yuzdan ortiq but-sanamlar bor edi. U zot ishni butlarni sindirishdan boshlamadilar, balki eng avval ko‘ngillardagi butni parchalashga ahamiyat berdilar, qalb pokizaligiga e’tibor qaratdilar. U kishi tavhid kalimasini, imon urug‘ini yuraklarga shunday joylashtirdilarki, odamlar qandaydir toshlarga yukunish xorligidan Ulug‘ Allohga ibodat qilish martabasiga yuksalgach, uylaridagi va Ka’ba ichidagi butlarni o‘zlari sindirishdi.

Demak, insonning qalbi tarbiya topmasidan, poklanmasidan turib tanasi tarbiyalanmaydi. Shuning uchun, avvalo qalbni gunohlardan poklay olmas ekansiz, o‘zingizni qiynamang, baribir g‘iybatdan tiyilolmaysiz, yolg‘on gapirishdan to‘xtolmaysiz, ko‘zingiz noshar’iy joylarga qarayveradi, oyoq gunoh yo‘llar tomon og‘averadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom qalblariga ishora qilib: “Taqvo mana bu yerda bo‘ladi”, deya uch marta ta’kidlaganlar.

Inson qalbidan Allohdan boshqaga bo‘lgan muhabbat chiqib ketmagunicha va qalb faqat Alloh muhabbati bilan to‘lmagunicha, vujudi hargiz bo‘ysunmaydi. O‘ylab ko‘ring: nega mast qiluvchi ichimlik (xamr) birdaniga harom qilinmadi, uch bosqichda man etildi? Chunki avvalo sharobga muhabbat, unga bog‘liqlik insonlar qalbidan chiqishi kerak edi. Bunga esa bosqichma-bosqich erishildi. Xamr qat’iy taqiqlangani haqidagi oyat nozil bo‘lganida sahobalar allaqachon bunga tayyor bo‘lgandi. Jarchi oyatni e’lon qilishi bilan piyolasida ichib turganlar qolganini ham sipqorib qo‘ya qolay demadi, hatto ho‘plashga ulgurganlar ham tuflab tashlashdi. Demak, gunoh qalbda bo‘ladi, keyin vujud ijrosida yuzaga chiqadi.

Ushbu hadis so‘zimizga munosib xulosa bo‘ladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Bilingki, tanada bir a’zo bor. Agar u sog‘lom bo‘lsa, butun tana sog‘lom bo‘ladi. Agar u buzilsa, tana ham buziladi. Bilingki, u qalbdir” (Muttafaqun alayh).

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!