Gresiya rossiyalik tashviqotchilarni mamlakatdan haydab chiqardi

Kreml tashviqotini tarqatuvchi "RIA Novosti" agentligi Gresiyadagi muxbirligi yopilganini ma’lum qildi. Agentlik Gresiya Tashqi ishlar vazirligi uning bosh muxbiri Gennadiy Melnikning akkreditasiyasini uzaytirishdan bosh tortgani uchun ular mamlakatda ishlashni davom ettira olmasligini qayd etdi.
"O‘tgan yili akkreditasiya muddati kechikish bilan uzaytirilgan edi, bu yil esa Xalqaro jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xodimi bizga ijobiy javob bo‘lmasligini ma’lum qildi. U qaror tafsilotlarini aytib bera olmadi yoki uning sabablarini tushuntira olmadi", — deya xabar berdi "RIA Novosti" va ular sodir bo‘layotgan voqealarni "so‘z erkinligi va demokratiya tamoyillarini qo‘pol ravishda buzish" deb hisoblashlarini qo‘shimcha qildi.
Agentlik byurosi 2004 yilgi Olimpiya o‘yinlari arafasida Afinada ochilgan. Shu bilan birga, so‘nggi uch yil davomida Gresiya hukumati "RIA Novosti" faoliyatini cheklab qo‘ygan va unga ayrim tadbirlarda, jumladan, xalqaro tadbirlarda qatnashishga ruxsat bermagan. Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan keyin agentlik muxbiriga bir yildan ortiq vaqt davomida Gresiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot anjumanlarida qatnashish taqiqlangan edi.
Shuningdek, 2022 yilda Gresiya "RIA Novosti", "Sputnik" va "RT"ni o‘z ichiga olgan Russia Today media guruhining resurslarini blokladi. O‘tgan yilning dekabr oyida mamlakat mahalliy qonunchilikni buzgani uchun Rossiya agentligining Telegram kanalini bloklashni boshlagan.
Evropa Ittifoqi RIA Novostiga qarshi sanksiyalarni 2024 yil iyun oyida joriy qilgan edi. Agentlik bilan bir qatorda "Izvestiya", "Rossiyskaya gazeta" va Rossiyaga aloqador, Chexiyada joylashgan "Evropa ovozi" portali ham cheklovlarga duchor bo‘lgan. Avvalroq Yevropa Ittifoqi Sputnik, RT, Sargrad, Spas, MIA Rossiya Segodnya, Oriental Review, New Eastern Outlook va Katexon kontentini translyasiya qilish va tarqatishni taqiqlagan edi. Xuddi shu choralar RT English, RT UK, RT Germany, RT France, RT Spanish uchun ham qo‘llanilgan. NTV, “Rossiya 1”, “Birinchi kanal” va “Ren-TV” ham Yevropadagi translyasiya lisenziyalaridan mahrum bo‘ldi.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan Rossiyaga qarshi 16-sanksiya paketi doirasida YEI yana sakkizta rus ommaviy axborot vositalarini taqiqladi. Xususan, cheklovlar quyidagi nashrlarga ta’sir qildi: EADaily, Lenta, News Front, RuBaltic, "Yujniy front", "Strategik madaniyat fondi" va "Krasnaya Zvezda".