Germaniyada Rojdestvo bozoriga hujum rejalashtirgan besh nafar gumonlanuvchi hibsga olindi
Germaniyaning Bavariya federal yerida xavfsizlik kuchlari Dingofing shahri yaqinida joylashgan Rojdestvo bozorida sodir etilishi mumkin bo‘lgan terroristik hujumning oldini oldi.
Bu haqda Welt nashri xabar bermoqda, deb yozadi European Pravda.
Myunxen prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Quyi Bavariyadagi Dingofing yaqinida joylashgan Rojdestvo bozoriga hujum uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilinib, besh nafar shaxs hibsga olingan. Ulardan to‘rt nafariga nisbatan rasmiy hibsga olish orderi chiqarilgan, yana biri esa profilaktik qamoqqa olingan.
Gumonlanuvchilar orasida uch nafar Marokash fuqarosi, bir nafar Misr va bir nafar Suriya fuqarosi bor. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 56 yoshli misrlik shaxs guruhning asosiy tashabbuskori bo‘lib, u hibsga olingan uch nafar marokashlikni hujumni amalga oshirishga da’vat qilgan. Aytilishicha, u rejalarni ochiq e’lon qilgan hamda ularni Dingofing–Landau tumanidagi masjidda hujumni amalga oshirishga chaqirgan.
Suriyalik gumonlanuvchining bu ishga daxldorligi hali aniqlanmagani sababli, u sud qaroriga qadar hibsda saqlanmoqda.
Bavariya media guruhiga qarashli nashrlarning xabar berishicha, gumonlanuvchilar Suben chegara punkti yaqinida maxsus kuchlar (SEK) tomonidan o‘tkazilgan operasiya chog‘ida qo‘lga olingan.
Prokuraturaning t-online saytida e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, reja «Rojdestvo bozorida avtomobil yordamida terroristik hujum uyushtirish»dan iborat bo‘lgan.
Bavariya ichki ishlar vaziri Yoaxim Herrmann operasiyada ishtirok etgan barcha xodimlarga minnatdorlik bildirdi:
«Bu voqea xavfsizlik idoralarimizning yuksak tezkorligi va samaradorligini yaqqol namoyon etdi hamda fuqarolarimizni himoya qilishga qodir ekanligimizni ko‘rsatdi. Idoralar o‘rtasidagi samarali hamkorlik tufayli bir necha gumonlanuvchi juda qisqa vaqt ichida hibsga olindi va Bavariya hududida islomchilar tomonidan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan hujumning oldi olindi».
Ma’lum qilinishicha, operasiya Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash markaziy boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, unda Konstitusiyani himoya qilish davlat boshqarmasi ham ishtirok etgan. Shuningdek, Germaniya rasmiylari hujum rejasi haqida xorijiy razvedka xizmatidan oldindan ogohlantiruvchi ma’lumot olgan.
