Finlyandiya: “Rossiya bilan jang qilishga tayyormiz!”

Finlyandiya: “Rossiya bilan jang qilishga tayyormiz!”

Rossiya bilan 1340 kilometrlik quruqlik chegarasiga ega Finlyandiya Ukraina urushidan keyin NATOga a’zo bo‘lish niyatida.

Ukraina urushi Xelsinki ma’muriyatini xavotirga soldi. Rossiya kuchlari bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvda qattiq qarshilik ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Moskva Finlyandiya qadamlarini diqqat bilan kuzatib borar ekan, Xelsinki ma’muriyati o‘zini harbiy ittifoqning bir qismiga aylanish orqali himoya qilmoqchi.

Finlyandiya Bosh shtab boshlig‘i general Timo Kivinen agar Rossiya hujumiga uchrasa, jang qilishga tayyor ekanliklarini aytdi.

Kivinen Rossiyaning ehtimoliy hujumiga o‘nlab yillardan beri tayyorgarlik ko‘rganliklarini ifoda etgan.

Skandinaviya davlati sifatida muhim arsenal qurganliklarini izohlagan Kivinen, harbiy texnika bilan bir qatorda finlarning jang qilish motivasiyasining ham juda muhim omil ekanligini ta’kidladi.

"Ukrainada olib borilayotgan bu turdagi urush uchun harbiy mudofaa tizimini tizimli ravishda ishlab chiqdik. Ukraina Rossiya uchun og‘ir luqma bo‘ldi. Finlyandiya ham shunday bo‘ladi", - dedi general Kivinen.

Finlyandiya o‘zining sharqiy qo‘shnisiga qarshi 1940-yillarda ikki marta jang qilgan, deb xabar beradi Reuters.

Sovet Ittifoqiga qarshi urushlar paytida 100 ming nafarga yaqin fin halok bo‘ldi. Finlyandiya o‘z hududining o‘ndan bir qismini yo‘qotdi.

Taxminan 5,5 million aholiga ega Finlyandiya dunyoning eng baxtli mamlakati sifatida tanilgan. Mamlakatda 870 ming nafar fuqaro zahiradagi askar sifatida tayyorlangan. Urush davridagi askarlar soni 280 ming atrofida.

Finlyandiya Lockheed Martin kompaniyasi bilan 64 ta F-35 qiruvchi samolyoti, shuningdek, to‘rtta yangi harbiy kema sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 2000 taga yaqin uchuvchisiz havo vositalariga ham buyurtma berishni rejalashtirgan.

Xelsinki Rossiya bilan chegarasiga ham to‘siqlar qurmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!