Farzandlari qo‘ni-qo‘shninikida o‘zi tovuqxonada yashayotgan ota qismati...

Farzandlari qo‘ni-qo‘shninikida o‘zi tovuqxonada yashayotgan ota qismati...

Olma olmani ko‘rib rang oladi, deganda ajdodlarimiz (har xolda bu bugunning gapi emasda) nimani, kimni nazarda tutgan, bilmadik, lekin bu g‘oyat serma’no ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildi, Farg‘ona viloyat televideniyesi ko‘rsatuvini tomosha qilganlar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Yo‘l xaritasi” tuzilib, barcha darajadagi rahbarlarning xalq bilan muloqotlari belgilangan. Buning uchun to‘rtta sektor tashkil etilganini bilsangiz kerak. Afsuski, Farg‘ona shahri aholisining aksariyati bundan hamon bexabar ekan. 28 iyun kuni Farg‘ona TRKning “Kun mavzusi” ko‘rsatuvida bu sektorlar ishining haqiqiy ahvoli ochiq-oshkora namoyish etildi. Muxbir me’yoriy hujjat yuklagan vazifalarni sanab o‘tgach, shunday deydi:

“Muxbir: Farg‘ona shahridagi 20 ta mahalla shahar hokimi, 1-sektor rahbari Shavkat Erkaboyevga biriktirilgan. Mahallalarni o‘rganishdan avval sektor shtabi faoliyati bilan tanishdik, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoni, hujjatlar yuritish tartibi bilan qiziqdik. Hali sektorga biriktirilgan hududlarni o‘rganmay turib shtabdagi holatdan hafsalamiz pir bo‘ldi. Shtabda har kuni ertalab soat 8–00 da sektor rahbari va ishchi guruhi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilishi belgilangan. Lekin...

Shtabda ishchi guruhining tarkibi va o‘rganish jadvali tasdiqlanmagan, nomenklatura ham tartibsiz joylashtirilgan. Dalolatnomalarda murojaatlarning ijrosi ta’minlanganligi keltirilmagan. Uyma-uy yurib o‘rganilganini tasdiqlovchi birlamchi hujjatlarning barchasi umumiy va oldi-qochdi gaplarga asoslangan. Fuqarolarning murojaati natijalari to‘g‘risida hech qanday hujjatlarni uchratmadik. 14 iyun kuni 22 ta xonadon o‘rganilgan, dedilar. Lekin shtabda 2 soatga yaqin turgan bo‘lsak-da, o‘rganishlar bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni taqdim eta olisholmadi”.

Shundan so‘ng sektorga o‘z muammosi bilan kelgan Farida Eminova, Fotima Ro‘ziyeva, Xafiza Madumarovalar kuyib-yonib sektor rahbari, hokimga uchray olmayotganlaridan nolidilar va ....

Muxbir: Dardingni tinglaydigan odam bo‘lmaganidan so‘ng, hech yo‘q sizlar eshitinglar deya, bizga murojaat qilgan fuqarolarni qiynayotgan masalani o‘rganish uchun yo‘lga chiqdik. “Qashqar qishloq” ko‘chasida joylashgan 103-uyda bo‘ldik. Uyga kirib to‘g‘risi, hayratdan yoqa ushlaysan. Uy egasining ta’kidlashicha, ushbu xonadon 7-8 oylarcha avval yonib ketgan ekan. Hovlidagi buyumlar alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotibdi. Sharoitni ko‘rib, “Hozir qayerda yashayapsizlar?” deb so‘radik.

Tasvirda Vasiljon Yakubov: Farzandlarim qo‘ni-qo‘shninikida, o‘zim... tovuqxonada yashayapman”.

Shundan so‘ng kamera shahar hokimi Shavkat Erkaboyev mas’ul sektor hududidagi Abdulla Qodiriy nomli mahallada joylashgan ko‘pqavatli uylarni bir-bir ko‘rsatdi. Zaxlab, yorilib ketgan suv hamda oqava quvurlari, chivin va burgaga yem bo‘layotgan bolalar, ochiq-sochiq elektr shitlari, tomidan chakka o‘tib suv bosgan xonadonlar, bolalar o‘yin maydonchasi “berib yuborilgan” yoki umuman yo‘q uylar, har yerda ochiq-sochiq chiqindilar, odamlarning xorg‘in yuzlari, hokimiyatga qatnayverib umidini uzgan ko‘zlardan shashqator oqib tushayotgan iztirob yoshlari...

Yana muxbir gapiradi:

“Muxbir: Bizningcha, agar mas’ul rahbarlar uyma-uy yurib, muammolarni bartaraf etganlarida, ahvol bu qadar xunuk tus olmagan bo‘lardi. Shu birgina uyda yashovchilarning yuraklaridagi dardu-alamlarini eshitsa, ochig‘i tog‘lar ham dosh bera olmaydi. Biroq mutasaddilarning befarqligi bizni taajjubga soldi”.

Xullas, telekamera boshqa sektorlardagi ahvolni ham bir-bir namoyish etdi. Xo‘roz hamma yerda birdek qichqirganidek, manzaralar o‘sha-o‘sha.

Ha, Farg‘ona TRK muxbirining Xisob Palatasi bilan birgalikdagi o‘rganishida dalillarga asoslangan xulosalar chiqarilgan: Shahar hokimi Shavkatjon Erkaboyev mas’ul sektordagi ahvol shu bo‘lsa...

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!