Eron va Isroil mojarosi kimga foyda keltiradi?

K.Abdullayev, mustaqil ekspert
Eron - Isroil mojarosi global o‘yinchilar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Urush ortida jahon manfaatlarining yangi konfigurasiyasi qayta shakllanmoqda. Bu borada raqiblarning e’tiborini o‘z foydasiga burishni bilgan tomon g‘olib bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Xitoyning manfaatlari: bevosita ishtiroksiz foyda olish
Xitoy AQShni Yaqin Sharqda uzoq davom etuvchi inqirozga tortishni istaydi. Bunday vaziyat: a) AQShning Osiyodagi e’tiborini chalg‘itadi, ayniqsa Tayvan muammosidan; b) AQShning global siyosiy mavjudligi zaiflashadi; d) Pekinga Tinch okeani mintaqasida bosimni oshirish imkonini beradi.
Bu fonda Pekin ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Xitoyliklar mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishdan tiyilib, Eron atrofida norasmiy ittifoq yaratishga harakat qilmoqdalar. Yangi koalisiyaga Afg‘oniston, KXDR va Pokiston kirishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, oxirgi ikki davlat yadro texnologiyalariga ega bo‘lib, Tehronning ta’sirini sezilarli kuchaytirishga imkon bermoqda.
Tahdidlar muvozanati: kuchlar nisbati o‘zgarishi
Yadro texnologiyasiga ega davlatlarning Eronni qo‘llab-quvvatlashi mojaronning mintaqadan tashqariga chiqish ehtimolini kuchaytiradi. Bu esa 1) AQSh va Isroil uchun xavf darajasini oshiradi; 2) beqarorlikning global darajada yoyilishi xavfini yuzaga keltiradi; 3) AQShning bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda nazoratni saqlab qolish salohiyatini shubha ostiga qo‘yadi.
Bu sharoitda AQSh bir vaqtning o‘zida bir necha inqirozlarga javob berishga majbur: Yaqin Sharq (Eron – Isroil), Sharqiy Yevropa (Ukraina) va Sharqiy Osiyo (Tayvan).
Bu katta miqdorda resurslar va diplomatik kuchlarning sarflanishiga olib keladi va tashqi siyosat samaradorligini pasaytiradi. Strategik zo‘riqish xavfi paydo bo‘ladi, ya’ni hech bir mojaroni to‘liq nazorat ostida ushlab bo‘lmaydi.
Aynӣ vaqtda, Rossiya ham taktik ustunlikka ega bo‘lishi mumkin. Xususan, AQSh bilan o‘z shartlarida muzokara o‘tkazish imkoniyati; G‘arb sanksiyalarini yumshatishga umid; Moskvaning global muqobil ittifoqlarda pozisiyasi kuchayishi.
Shuningdek, Vashingtonning Eronga qaratilgan e’tiboridan Rossiya Ukrainadagi muzokaralarda bosim vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuv — bu faqat mintaqaviy nizoga emas, balki global kuchlar taqsimotiga oid masala. Har bir ishtirokchining harakati ortida uzoq muddatli geosiyosiy hisob-kitoblar yotadi: AQSh uchun — ko‘p qutbli dunyoda chidamlilik sinovi; Xitoy — urushsiz kuchlar nisbatini o‘zgartirish imkoniyati; Rossiya — ta’sir vositalarini qayta tiklash uchun imkoniyat.
Mazkur mojaro yana bir muhim narsani ko‘rsatmoqda: bugungi xalqaro tizim bir nechta inqirozni bir vaqtda boshqarishga bardoshli emas. Bu esa o‘yin qoidalarini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan kuchlar uchun qulay sharoit yaratmoqda.