Farg‘onada Prezidentni aldashdimi? Hunarmandning shogirdlari aslida kimlar?

Farg‘onada Prezidentni aldashdimi? Hunarmandning shogirdlari aslida kimlar?

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrif doirasida Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lganida olingan suratda davlat rahbarining orqasida o‘ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan material e’lon qilindi. Ortidan esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o‘rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo‘ldi.

Tuman hokimlik matbuot xizmati, haqiqatdan ham, rasmda ko‘zga tashlangan shaxs Furqat tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov ekanligini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, u O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biri bo‘lgan.

" Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tuman hokimligida haydovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. Avvaldan o‘zida o‘ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog‘och o‘ymakorligi san’ati o‘rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o‘rgana boshlagan. Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o‘rganuvchilari ham bo‘lishganini e’tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u yerda bo‘lishi tabiiy holatdir.

Aytib o‘tish kerakki, Muhammadali Yunusovning korxonasida o‘ymakorlik o‘rganayotgan shogirdlarning ko‘plari boshqa kasb hamda ish egalari.

Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o‘qituvchi bo‘lgan, o‘quvchilarga duradgorlik va o‘ymakorlik bo‘yicha saboq bergan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 0,75 stavkada direktor o‘rinbosar bo‘lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi, “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi. 10 nafar shogird biriktirilgan", - deyiladi munosabatda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!