Farg‘onada ichib olib, to‘polon ko‘targan ayollarga hukm o‘qildi

Farg‘onada ichib olib, to‘polon ko‘targan ayollarga hukm o‘qildi

Ayol deganda eng avvalo ona hayolimizga keladi. Ayol – go‘zallik timsoli. Jamiyatda ayol tomonidan qanday bo‘lmasin huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etilganda o‘zgacha munosabat bildiramiz. Chunki, mushtipar deya ataladigan ayolning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishini o‘zi bu favqulodda holatdir. Biroq, ayollar tomonidan biz kutmagan huquqbuzarliklar ham sodir etilib turiladi. Masalaning jiddiy tomoni huquqbuzarlikni ayol kishi tomonidan mast holda sodir etilishidir.

2020 yil 23 yanvar kuni, Toshloq tuman ma’muriy sudi tomonidan Toshloq tumani, Sadda mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, turmushga chiqmagan va hech qayerda muqim ishga ega bo‘lmagan Mamajonova Muxlisaxon hamda uning dugonasi To‘xtaboyeva Zarnigorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan to‘plangan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqildi.

Ish holatiga ko‘ra, M.Mamajonova va Z.To‘xtaboyeva 2020 yil 7 yanvar kuni soat 21-00larda spirtli ichimlik iste’mol qilishib, mast bo‘lishgani holda, Toshloq tumani, Suvboshi mahalla fuqarolar yig‘ini, A.Navoiy ko‘chasida yashovchi SH.Sattorovaning yashash xonadoniga kelishib, ko‘chada turishgani holda hech bir sababsiz uni uyatli so‘zlar bilan so‘kishib, baqir-chaqir qilishib, yashash hovlisiga kirish darvozasini tosh bilan urishib, fuqarolarni tinchligi va osoyishtaligini buzishib, mayda bezorilik qilganlar.

Shu o‘rinda, M.Mamajonovani shaxsiga to‘xtalib o‘tsak. 21 yoshga kirgan bo‘lishiga qaramay turmushga chiqmagan va o‘rta-maxsus ma’lumoti bo‘lsa-da tayinli mashg‘ulot bilan shug‘ullanmaydi. Bir yil muqaddam ma’muriy sudning qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasi (haqorat) va 52-moddasining 2-qismiga (qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish) asosan jazoga tortilgan. Ammo, sud tomonidan jazo tayinlangandan so‘ng ham o‘ziga xulosa chiqarmasdan, mast holda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan.    

Sud, M.Mamajonovani O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, yengillashtiruvchi holatlar tariqasida, uning shaxsini, ayolligini va huquqbuzarlik harakatiga iqrorligini, og‘irlashtiruvchi holatlar tariqasida huquqbuzarlikni mast holda sodir etganini inobatga olib, shuningdek, muqaddam ma’muriy jazoga tortilganidan so‘ng o‘ziga xulosa chiqarmasdan qayta huquqbuzarlik harakati sodir etganini, huquqbuzarlik harakatlarini sodir etishdagi o‘rnini, jabrlanuvchining qonuniy chora ko‘rish haqidagi talabini, kelgusida bu kabi huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 29-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy qamoqqa olish jazosini tayinlashga monelik qiladigan holatlar yo‘qligini nazarda tutib, unga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Z.To‘xtaboyevaga esa huquqbuzarlik harakatlarini sodir etishdagi o‘rni passivligini inobatga olib 669 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

“Bizning jamiyatda ayollarni o‘rni o‘zgacha, ularni nozik hilqa deb, boshqacha munosabatda bo‘lamiz. So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida ayollar tomonidan turli xildagi huquqbuzarlik yoki jinoyatlarning sodir etilayotgani haqida ko‘plab maqolalar e’lon qilinib kelinmoqda. Sudlarni vazifasi faqat jazo tayinlash yoki sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularga tayinlanayotgan jazolarni oshkor qilish orqali ayrim shaxslarni izza qilish emas albatta. Maqsad, huquqbuzarliklarni kelgusida sodir etilishini oldini olish va profilaktika qilishdan iboratdir” – deydi Toshloq tuman ma’muriy sudining raisi Abrorxon Akramov.

A.Akramov, Toshloq tuman sudining raisi                                          


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!