Argentinada hukumatga qarshi namoyishlar to‘qnashuvlarga aylanib ketdi

Argentinada fuqarolik jamiyati tashkilotlari va futbol muxlislari ko‘magida kasaba uyushmalari tomonidan hukumatga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari polisiya bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Oqibatda 20 kishi tan jarohati olgan, ulardan biri og‘ir, 103 nafar ishtirokchi qo‘lga olingan.
Poytaxt Buyenos-Ayresda yuzlab namoyishchilar Kongress oldidagi maydonda to‘planib, yashash sharoitlarini yaxshilash, jumladan pensiyalarni oshirishni talab qildi. Namoyishchilar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi.
Kasaba uyushmalari prezident Xaver Maylining iqtisodiy siyosatini qoralab, ularning talablari inobatga olinmasa, norozilik namoyishlari kuchayishini bildirdi.
Argentinalik fotojurnalist Pablo Grillo voqealarni yoritar ekan, polisiya tomonidan chiqarilgan gaz kapsulasiga urilganda og‘ir jarohat oldi. U kasalxonaga yotqizilgan, ahvoli og‘irligicha qolmoqda.
Ichki xavfsizlik vaziri Patrisiya Bullrich matbuotga bergan bayonotida hukumat jamoat mulkiga zarar yetkazgan namoyishchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rishi haqida ogohlantirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ag‘darilib ketgan avtomobillar va vayron bo‘lgan shahar infratuzilmasi tasvirlari paydo bo‘ldi.
Argentinada pensiya yoshi ayollar uchun 60 yosh, erkaklar uchun 65 yosh, pensionerlar soni esa 7,4 million kishiga yetadi, bu mamlakat aholisining 15,7 foizini tashkil qiladi.