Evroparlament Yevrokomissiyasining yangi tarkibini tasdiqladi
Bugun Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroparlamentning ko‘chma sessiyasi chog‘ida uning prezidenti Ursula fon der Lyayenning ikkinchi mandati davrida Yevrokomissiyaning yangi tarkibi tasdiqlandi.
Tarkibni 370 kishi qo‘llab-quvvatladi, 282 kishi qarshi ovoz berdi, 36 deputat betaraf qoldi.
Ovoz berishdan oldin U.Lyayen o‘z jamoasi va dasturi bilan tanishtirdi.
“Biz zudlik bilan ish boshlashga tayyormiz”, – dedi U.Lyayen va u rahbarlik qilayotgan komissiya hamisha ozodlik, suverenitet, xavfsizlik va farovonlik uchun kurashga sodiq bo‘lishini ta’kidladi.
U.Lyayen Yevropa Komissiyasining birinchi tashabbusi Yevropaning AQSh va Xitoy bilan innovasion farqini kamaytirish, xavfsizlik va mustaqillikni oshirish hamda karbonsizlanishni ta’minlashga qaratilgan “Raqobatbardoshlik kompasi” bo‘lishini ma’lum qildi.
Evropaning “yashil kelishuvi” haqida gapirar ekan, u shunday dedi: “Biz uning maqsadlariga erishish yo‘lda qolishimiz kerak va biz shunday qilamiz”.
U yashil sanoat kelishuvini amalga oshirish, Yevropa avtomobilsozlik sanoati kelajagi bo‘yicha strategik muloqotni yo‘lga qo‘yish va raqobatbardosh aylanma iqtisodiyot va Yevropa jamg‘arma va investisiyalar ittifoqi yo‘lida ishlashni davom ettirish tarafdori.
U.Lyayen dunyoda ro‘y berayotgan ziddiyatlar haqida gapirar ekan, “Evropa bu sohalarning barchasida faolroq rol o‘ynashi kerak” va bu “har qachongidan ham zarur” ekanini ta’kidladi.
“Xavfsizligimizni mustahkamlash juda muhim”, – dedi u va Yevropani mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ sarflashga chaqirdi.
“Evropa xavfsizligi har doim ushbu Komissiya uchun ustuvor masala bo‘lib qoladi”, – deya qo‘shimcha qildi u.
U.Lyayen va uning yangi jamoasi bilan muhokamalardan so‘ng Yevroparlament deputatlari Komissarlar kengashini sayladilar.
Joriy yilning 1 dekabridan Komissarlar kengashi o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda. Yevroparlament a’zolari Yevropa komissiyasining kelgusi besh yil ichida majburiyatlari bajarilishini nazorat qiladi.