Evropadagi jazirama issiq don bozoriga 2 milliard yevrodan ortiq zarar yetkazdi
Evropada iyun oyida kuzatilgan kuchli jazirama issiqlik oqibatida qariyb 9 million tonna don hosili yo‘qotildi. Bu esa 2 milliard yevrodan ortiq iqtisodiy zarar keltirgan. Bu haqda Financial Times gazetasi Coceral Yevropa qishloq xo‘jaligi assosiasiyasi va ECIU tahlil markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada don hosili bo‘yicha umumiy prognozlar sezilarli darajada pasaytirilgan.
Eng katta yo‘qotish Fransiyada qayd etildi. Mamlakatda hosil prognozlari 4,1 million tonnaga qisqartirilgan bo‘lib, bu taxminan 891 million yevro zararga teng. Ikkinchi eng katta yo‘qotish Vengriya hissasiga to‘g‘ri kelib, u yerda 2,4 million tonna don hosili yo‘qotilgan.
Fransiyalik fermerlarning ta’kidlashicha, soya kabi ayrim ekinlar bo‘yicha hosildorlik 50–70 foizgacha kamaygan. Fransiyaning sharqiy qismidagi organik don yetishtiruvchi fermer Benua Merlo vaziyatni «falokat allaqachon boshlangan» deya baholadi.
Mutaxassislar fikricha, chorvachilik uchun asosiy ozuqa hisoblangan makkajo‘xori hosilining qisqarishi Braziliya va Ukraina kabi davlatlardan import hajmini oshiradi. Shuningdek, Fransiyada bug‘doy yetishmovchiligi Afrika mamlakatlariga eksport hajmining kamayishiga olib kelishi mumkin.
