Evropada maxfiylikka qaratilgan GDPRchat chatboti ishga tushirildi
Daniyalik dasturchilar Yevropa Ittifoqining shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga mos ishlaydigan GDPRchat nomli sun’iy intellekt chatbotini taqdim etdi.
Loyiha Yevropa Ittifoqining Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy reglamenti (GDPR) talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Chatbot Fransiyaning Mistral AI kompaniyasi tiliy modeli asosida ishlaydi, barcha serverlari esa Germaniyaning Hetzner data-markazlarida joylashgan.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, xizmat foydalanuvchilarning ma’lumotlarini faqat Yevropa Ittifoqi hududida saqlaydi hamda uchinchi tomon analitikasi, kuzatuv yoki reklama tizimlaridan foydalanmaydi.
Internetdan ma’lumot izlash uchun GDPRchat AQShda joylashgan Brave Search tizimidan foydalanadi. Biroq kompaniyaning ta’kidlashicha, qidiruv tizimiga faqat so‘rov matni yuboriladi, IP-manzil yoki foydalanuvchini aniqlovchi boshqa ma’lumotlar uzatilmaydi.
Loyihani ishlab chiqqan FRITS AI kompaniyasi rahbari Lars Kolindning aytishicha, servis yevropalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini Yevropa qonunchiligi asosida himoya qiladi va ulardan qanday foydalanilishini ochiq tushuntiradi.
Hozirda GDPRchat veb-sayt, Google Play va App Store orqali 16 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun mavjud. Xizmat bepul va pullik tariflarni taklif etadi, ammo yuqori talab sababli yangi foydalanuvchilar hozircha kutish ro‘yxati orqali qabul qilinmoqda.
GDPRchat'ning ishga tushirilishi Yevropada raqamli suverenitet va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga bo‘lgan e’tibor kuchayib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
