Evropa Ittifoqi Grenlandiyani qanday himoya qiladi?
Evropa Ittifoqida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishga urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar muhokama qilinmoqda.
Evropa Ittifoqi rasmiylari va diplomatlari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Daniyaga qarashli avtonom hudud — Grenlandiyani nazorat ostiga olishga urinishlariga qarshi qanday choralar ko‘rish mumkinligini muhokama qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, Bryusselda bir vaqtning o‘zida bir nechta ssenariylar ishlab chiqilmoqda.
Ulardan biri YEI tomonidan Grenlandiyani moliyalashtirish hajmini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi. Yevrokomissiya loyihasiga ko‘ra, uzoq muddatli byudjet doirasida xarajatlarni ikki barobardan ko‘proq oshirish muhokama qilinmoqda. Gap 2028 yildan boshlab yetti yil davomida taxminan 530 million yevro ajratish haqida bormoqda.
Bu mablag‘lar Daniya allaqachon avtonom hududga yo‘naltirayotgan resurslarni to‘ldirishi kerak. Shuningdek, Grenlandiya Yevropa davlatlari bilan bog‘liq olis hududlar uchun mo‘ljallangan YEI dasturi doirasida qo‘shimcha 44 million yevro miqdorida moliyalashtirish olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozirda Daniya mablag‘lari ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologik loyihalarga yo‘naltirilmoqda. Yevropa Ittifoqining yangi rejalarida esa qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini kengaytirish, jumladan foydali qazilmalarni qazib olishga investisiyalar kiritish ham ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir ssenariy AQShga nisbatan savdo choralarini qo‘llashni nazarda tutadi. Yevropa Ittifoqi Vashington tomonidan savdoda kamsitish holatlari yuzaga kelsa, javob choralarini ko‘rish mexanizmini ishga tushirishi mumkin. Ushbu mexanizm 2025 yil iyul oyida vaqtincha to‘xtatilgan edi, biroq AQSh Grenlandiya borasida qat’iy qadamlar tashlasa, yana faollashtirilishi mumkin.
Shuningdek, NATO doirasida murosaviy variant ham muhokama qilinmoqda. Diplomatlar so‘zlariga ko‘ra, alyans Arktikadagi ishtirokini kengaytirib, mintaqaning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus dastur ishga tushirishi mumkin. Bu mudofaa xarajatlarini oshirish, harbiy mashg‘ulotlar sonini ko‘paytirish va Grenlandiya yaqinida harbiy mavjudlikni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.
Alohida ravishda, agar Daniya shunday so‘rov bilan chiqsa, Grenlandiyaga Yevropa harbiy kontingentini joylashtirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu qadam AQSh tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bosimni jilovlash chorasi sifatida baholanmoqda.
Bu muhokamalar fonida AQSh ichida Donald Trampga nisbatan tanqidlar kuchaymoqda. Respublikachilarning bir qismi Grenlandiya bo‘yicha tahdidlarga ochiqchasiga qarshi chiqib, Daniya bilan ittifoqchilik munosabatlarini eslatmoqda.
Daniya hukumati Grenlandiyaga nisbatan har qanday bosimni mutlaqo nomaqbul deb atab, mintaqaning o‘z kelajagini mustaqil belgilash huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Yevropaning yetti davlati rahbarlari Grenlandiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma bayonot bilan chiqib, orolga oid qarorlar faqat Daniya va Grenlandiyaning o‘zi tomonidan qabul qilinishi mumkinligini urg‘ulagan edi.
