"Everest"ga chiqqan birinchi o‘zbekistonlik kim?

"Everest"ga chiqqan birinchi o‘zbekistonlik kim?

O‘znetda bugunning eng yaxshi xabari, shubhasiz, Everestni zabt etgan o‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenkoning «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlangani va prezident sovg‘asi — "Trailblazer"ga ega bo‘lgani bo‘ldi. Yurtdoshimizni tabriklayman!

Aksariyat xabar saytlari Sergey Denisenko Everestni zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik alpinist deya e’lon qilishdi (masalan, bugungi O‘zAdagi sarlavha: "Everestni zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik alpinist"). Denisenko esa Nepal tomonidan birinchi marta Everest cho‘qqisiga chiqqan sportchi sifatida tarixda qoldi. Lekin u Everestni zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik emas.

Birinchi marta Everest cho‘qqisiga chiqqan va O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo tomiga tikkanlar boshqalardir.

O‘zbekistonliklar ilk marta 1998 yili O‘zbekiston alpinizm terma jamoasi bilan Tibet tarafdan Ilyos Tuxvatullin boshchiligida Everestni zabt etishgan. O‘sha paytda Islom Karimov sportchilarni tabriklagan, orden va medallar bilan taqdirlagan.

1998 yilning 22 mayida Himolaydagi radio stansiyadan Prezident nomiga alpinistlardan radiogramma keladi:
«O‘zbekiston alpinistlari dunyoning eng yuqori cho‘qqisi — Everest (8848 m.)ni zabt etishdi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini qadashdi. Bu g‘alabani biz jonajon vatanimiz Mustaqilligining yetti yilligiga bag‘ishlaymiz...»

1998 yili Everestga ko‘tarilgan 9 nafar o‘zbekistonlik alpinist cho‘qqini zabt etgan. 2 nafar ekspedisiya a’zosi Oleg Grigoryev va Andrey Fyodorov 8460 metrga yetganda cho‘qqini egallashdan vaqtinchalik voz kechadi. Alpinistlarimiz cho‘qqiga yetishlariga ozgina qolganda AQSh fuqarosi bo‘lgan alpinist ayol kislorodi tugab, hushsiz holda yotganini ko‘rishadi. O. Grigoryev va A. Fyodorov uning hayotini saqlab qolish uchun cho‘qqiga ko‘tarilishni to‘xtatishadi va AQSh fuqarosini 8 ming 200 metr balandlikdagi qarorgohga olib tushishadi.

Ekspedisiya a’zosi Svetlana Baskakova esa Markaziy Osiyo xotin-qizlari o‘rtasida birinchi bo‘lib Everestga ko‘tarilgan alpinist sifatida tarixda qoldi.

Ilyos Tuxvatullin 2004 yili ham Tibet tarafdan Everestga ko‘tarilgan (shu sabab "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan)."


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!