Eron islomiy rejimi inqiroz ostida
«Rejim panikada», — deydi Isroildagi Eron bo‘yicha mutaxassis va sobiq razvedka xodimi Or Yissaxar. Uning ta’kidlashicha, mullalar «o‘zlari qurgan tizim ko‘z o‘ngida yemirilayotganini ko‘rmoqda».
📌Or Yissaxar — Israel Defense and Security Forum tahlil markazining Eron bo‘yicha mutaxassisi. U fors tilini erkin biladi va Isroildagi yetakchi siyosatchilar hamda harbiylarga Erondagi vaziyat haqida muntazam ma’lumot beradi. Ilgari harbiy razvedkada xizmat qilgan.
Yissaxarning so‘zlariga ko‘ra:
«Urush boshlanishidan oldin Isroil 2000 km masofani bosib o‘tib Eronga yetib bora oladimi — noma’lum edi. Endi esa Isroil armiyasi Tehronga yo‘l ochiqligini va havo hukmronligiga erishilganini e’lon qilmoqda».
Biroq, harbiy yo‘qotishlardan ko‘ra, Eron islomiy rahbariyatini o‘z hokimiyatining xavf ostida qolishi ko‘proq bezovta qilmoqda:
«Diktatorlik rejimi uchun eng muhim narsa — bu uning barqarorligi. Ular faqat shu bilan qiziqishadi. Rejim rahbariyati xalq qo‘zg‘oloni boshlanishidan qo‘rqa boshladi», — deydi tahlilchi.
Uning ta’kidlashicha, rejim ochiq stress belgilarini ko‘rsatmoqda:
«Propagandalari yanada tajovuzkor tus oldi. Ular Tehron markazida Mossad agentlarini ovlashmoqda yoki Isroildagi Mossad qarorgohini yo‘q qilishgani haqida da’vo qilmoqda. Bundan tashqari, ular II orqali yasalgan rasmlarni ham ushbu da’volarni tasdiqlash uchun namoyish qilishmoqda. Bu esa Eron hokimiyat tizimidagi kuchayib borayotgan ichki murakkablikni ko‘rsatadi».
Avvalroq Eron urush boshlansa, Fors ko‘rfazidagi neft konlari va Yaqin Sharqdagi AQSh bazalarini hujum qilish bilan tahdid qilgandi. Yissaxarning fikricha, bu voqealarga boshqa davlatlarning ham tortilish xavfini kuchaytiradi:
«Men Xomanaiy o‘zini burchakqa qisilib qolganday his qilib, qandaydir shoshma-shoshar, irrasional qaror qabul qilib qo‘ymaydi, deb xavotirdaman», — deydi u.
Hozircha Eron islomiy diktaturasi o‘z tarixidagi eng og‘ir senariylardan birini boshdan kechirmoqda. Va u omon qolish uchun kurashishga tayyor ekanligi aniq.
