Erkaklarning tilla taqishi gunohmi?

Erkaklarning tilla taqishi gunohmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kimki dunyoda ipak kiysa, oxiratda kiymaydi (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bu hukm barcha erkaklarga taalluqli. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: Tilla va ipak kiyish ummatimning erkaklariga harom, ayollarga esa halol qilindi (Termiziy rivoyati).

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni tilla va kumush idishda ichish va yeyishdan, ipak va diyboj(kimxob) kiyish va unga o‘tirishdan qaytardilar (Buxoriy rivoyati).

Qaysi erkak ipak kiyishni halol deb bilsa, u kofirdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa faqatgina qichima, qo‘tir yoki boshqa kasali bor odamlarga va dushman bilan olishayotgan jangchilarga ipak kiyishga ruxsat berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadilar: Zubayr va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhumo qichima bo‘lganlari sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga ipak kiyishga ruxsat berdilar (Muttafaqun alayh).

Biroq erkaklarning ziynat uchun ipak kiyishlari haromligiga musulmonlar ijmo’qilishgan. Tarkibining ko‘p qismini ipak tashkil etgan kiyimlar ham haromdir.

Shuningdek, erkaklarga tilla buyumlardan foydalanish ham haromdir. Binobarin, tilla uzuk, tilla ayil, tilla dastali qilich ishlatish ham mumkin emas. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishining qo‘lida tilla uzukni ko‘rib, uni yechib olib: Sizlardan bir kishi do‘zaxdan bir bo‘lak cho‘qqa intiladi-da, uni qo‘liga taqib oladi , deganlar (Muslim rivoyati).

Zar jiyakli, tilla bilan oro berilgan liboslarni kiyish ham erkaklar uchun haromdir.

Ulamolar yosh bolaning tilla va ipak kiyishi joiz-nojoizligi xususida ixtilofqilishgan. Bir toifa ulamolar bunga ruxsat bergan bo‘lsalar, qolganlari joiz emas, deb bilganlar va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisini hujjat qilib keltirganlar: Bu ikkisi (ya’ni, tilla va ipak) erkak ummatimga haromdir (Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifdagi hukm yosh bolalarga ham taalluqli. Bu Imom Ahmad va boshqa ulamolarning fikridir.

Allohdan O‘zi suygan va rozi bo‘lgan narsalarga muvaffaq etishini so‘ramiz. Albatta, U saxiy, marhamatli zotdir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!