Erdo‘g‘an: “Tarix bizni haqligimizni isbotlaydi”
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan nutqida “G‘azoda davom etayotgan inqiroz sharoitida Falastin xalqiga yordam berish muhimligini” ta’kidladi.
“G‘azodagi 15 oylik fojia 50 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu qon ketishda davom etayotgan chuqur yara”, — dedi Erdo‘g‘an.
Uning ta’kidlashicha, Turkiya "tinch aholining azobini yengillashtirish" uchun G‘azoga 100 ming tonna gumanitar yordam yuborgan.
“Biz Isroil bilan savdoni butunlay to‘xtatgan yagona davlatmiz. Bu adolatga asoslangan prinsipial pozisiya”, - dedi u.
Erdog‘an Turkiyaning Falastinni qo‘llab-quvvatlash borasidagi diplomatik tashabbuslari haqida gapirdi.
“Biz Falastin xalqiga yordam berish uchun erkin savdo shartnomasini uzaytirishga erishdik. Maqsadimiz Isroil bilan savdo-sotiqni to‘xtatish natijasida yetkazilgan zararni minimallashtirish va Falastin iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashdir”, dedi u.
Turkiya prezidenti ushbu tashabbuslarda hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan turk biznes vakillariga minnatdorlik bildirdi.
“Biz ishonamizki, xuddi Suriya misolida bo‘lgani kabi, tarix bizni haqli deb ko‘rsatadi. G‘azo bo‘yicha pozisiyamiz adolat va tinchlik tamoyillariga asoslanadi”, - dedi Erdog‘an.
Uning ta’kidlashicha, "qish mavsumi G‘azodagi gumanitar inqirozni yanada kuchaytirdi va Turkiya mintaqa xalqiga yordam berish uchun sa’y-harakatlarini davom ettiradi".
“Biz begunoh odamlarning o‘limiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bizning sa’y-harakatlarimiz zo‘ravonlikka barham berish va mustahkam tinchlikka erishishga qaratilgan”, — dedi u.
Erdo‘g‘on “Turkiyaning harakatlari yaqin kelajakda natija berishiga” umid bildirdi.
“Biz har doim Falastin xalqi tomonida bo‘lamiz. Tanqidlarga qaramay, bizning pozisiyamizga tarix baho berishiga ishonchimiz komil”, - deya xulosa qildi u.