Energetik sulh: Ukraina Rossiya dronlari va raketalarining keng ko‘lamli hujumiga uchradi
Bu haqda “Strana” nashri xabar berdi.
29 yanvar kuni Tramp Putin bir hafta davomida Kiyev va Ukrainadagi boshqa shaharlarni o‘qqa tutmaslikka rozi bo‘lganini aytgan edi.
Xabar qilinishicha, dastlabki zarbalar Kiyev va Xarkov shaharlariga berilgan. Kiyevda bir nechta portlashlar sodir bo‘lgan. Shahar meri Vitaliy Klichko Darnisa tumanida noturar bino va bolalar bog‘chasiga zarba tekkanini ma’lum qildi.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati esa Desnyanskiy tumanida noturar bino, Shevchenkovskiy tumanida esa ko‘p qavatli uy zararlanganini bildirdi.
Xarkov meri Igor Terexovning aytishicha, shahar energetika infratuzilmasi bir necha soat davomida nishonga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazilgan zarar jiddiy. Terexov issiqlik tarmoqlarining muzlab qolishining oldini olish maqsadida yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri yordamida ta’minlanadigan 820 ta uyda issiqlik tashuvchini majburiy ravishda bo‘shatishga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan. U buni og‘ir, ammo mavjud vaziyatda yagona imkon deb atagan.
Portlashlar Zaporijjya, Dnepr shahri, Odessa viloyati va boshqa hududlarda ham kuzatilgan.
Ukraina harbiylariga yaqin Telegram-kanallarga ko‘ra, hujum nishonlaridan biri Rovno atom elektr stansiyasini Kiyev va mamlakatning markaziy hududlari bilan bog‘lovchi 750 kVli podstansiya bo‘lgan. Ushbu ob’ekt avval ham zarbaga uchragan va mutaxassislar hodisani Kiyevda elektr energiyasi bilan bog‘liq og‘ir vaziyatning asosiy omillaridan biri sifatida baholagan.
Monitoring manbalariga ko‘ra, Rossiya tomonidan qanotli raketalar uchirilgan, dronlar hujumi ham to‘xtamagan. Zarba nishonlaridan biri Vinnisa viloyati ekani aytilmoqda.
Hozir Ukrainada qish mavsumining eng sovuq kechasi kuzatilmoqda. Xarkov va Kiyev shaharlarida havo harorati −20 darajagacha tushgan.
