Endi “uchar likop”lar Yerga yaqinlashmaydi
Sayyoramiz bilan to‘qnashgan taqdirda global falokat keltirib chiqaradigan samoviy jismlar ko‘pchilikni xavotirga soladigan mavzu hisoblanadi. Dunyo olimlari aynan shu global muammoga yechim topish yo‘lida izlanmoqda.
Evropa koinot agentligi (ESA) tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Hera” missiyasi NASAning DART kosmik qurilmasi tufayli yo‘nalishini o‘zgartirgan asteroidni tekshiradi. Ushbu amaliyot natijasi kelajakda Yerning sayyoraviy mudofaa tizimiga asos bo‘lishi mumkin.
Xullas, ESA ilk sayyoraviy mudofaa faoliyati doirasida “Space X G‘alson-9” raketasini uchirib, 195 million kilometr masofada joylashgan Dimorfos asteroidiga yo‘l oldi.
“Hera”ning asosiy maqsadi ikki yil oldin asteroidning yo‘nalishini o‘zgartirish uchun jism yuzasiga ataylab qulatilgan NASA DART fazoviy kemasini o‘rganishdir.
DART asteroid yo‘nalishini burib yuborgan va “kinetik ta’sir” texnikasining ilk sinovida samoviy jism trayektoriyasini o‘zgartirgan inson yaratgan birinchi ob’ektdir.
Havo kemasining ta’sirlangan joyini kuzataish orqali asteroid tarkibini o‘rganadigan bu texnika kelajakda Yerdagi hayotni sayyoraviy mudofaa qilish tizimiga asos bo‘lishi mumkin.
–“Hera” missiyasi DART va Yaponiya koinot agentligi (JAXA) bilan birga global miqyosda ishlayotganimizni ko‘rsatadi, – dedi loyiha menejeri Yan Karnelli. – Bu sayyoraviy mudofaa va global harakat. Qolaversa, hamkorligimiz insoniyat birlashsa, qanday natijalarga erisha olishini isbotlaydigan ajoyib namunadir.
Ma’lum bo‘lishicha, missiya Dimorfosga va ushbu jism orbitasida aylanib yurgan kattaroq asteroidga yetib borguncha taxminan ikki yil o‘tadi.
Ish boshlashi to‘rt yil davom etgan “Hera” loyihasi Yevropaning 18 mamlakati, shuningdek qit’adagi 70 kompaniya va JAXAni birlashtirdi.
– Ushbu ilk tashabbus ayni payt Yevropada amalga oshirilgan eng tez sayyoraviy missiya sanaladi, – deydi olim Maykl Kuppers. – Dalillar ko‘rsatdiki, tez harakatlanish orqali asteroidni ham yo‘nalishidan chiqarib yuborish mumkin.
Kema Dimorfosga 2026 yil oktyabr oyida yetib borishi kutilyapti. Shundan so‘ng samoviy jism sathiga standart o‘lchamdagi ikki kichik sun’iy yo‘ldosh –“CubeSats” joylashtiriladi va ma’lumotni yig‘a boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, asteroidlar (yunoncha aster – yulduz, eydos – ko‘rinish) – kichik sayyora, ya’ni Quyosh atrofida elliptik orbita bo‘ylab harakatlanuvchi,aksari Mars va Yupiter orbitalari oralig‘ida joylashgan kichik jismlar.
Birinchi bor asteroidni italiyalik astronom J.Piassi 1801 yil 1 yanvar kuni tasodifan, yulduzlar jadvalini tuzish bilan shug‘ullanayotganda aniqlagan va “Serera” deb nom bergan. Ushbu “mitti” jism taxminan 149,6 million kilometr masofada turib, Quyosh atrofida aylanadi.
Mamlakatimiz hududida asteroidlarni kuzatish 1900 yil boshlangan. Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti tomonidan Kitob xalqaro kenglik stansiyasida ish olib borgan Grigoriy Neuymin o‘zi ixtiro qilgan yuzdan ortiq kichik sayyoradan birini “O‘zbekiston” deya nomlagan. 1930 yil “Xira yulduzlar jadvali” xalqaro dasturiga muvofiq maxsus tanlangan 20 ta eng ravshan asteroid harakati 1980 yilga qadar tekshirilib, osmonda inersial koordinata tizimini shakllantirish jarayoniga salmoqli hissa qo‘shildi. Bu XX asrda astrometriya va osmon mexanikasi sohalarida erishilgan g‘oyat muhim ilmiy natija hisoblanadi.
Qolaversa, o‘zbek astronomlari keyingi 30-40 yil davomida asteroidlarga oid barcha xalqaro dasturlarda faol qatnashib kelmoqda.
Darvoqe, Mars va Yupiter oralig‘ida hozir Beruniy, Ulug‘bek kabi dunyoga mashhur o‘zbek allomalari sharafiga atalgan asteroidlar parvoz qilib yuribdi.