Endi tibbiyot oliygohlarida davlat granti asosida qabul kvotalari tuman va shaharlar kesimida shakllantiriladi

Endi tibbiyot oliygohlarida davlat granti asosida qabul kvotalari tuman va shaharlar kesimida shakllantiriladi

Prezidentimizning “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yurtimizda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘laqonli qoplashga ham alohida e’tibor berilgan.

Jumladan, hududlarning shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida qabul kvotalari tuman va shaharlar kesimida shakllantiriladi.

Bitiruvchilarni yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’iy nazar qabul kvotasida ko‘rsatilgan tuman yoki shaharda kamida 5 yil ishlash majburiyati kiritiladi va istisno holatlarning ro‘yxati belgilanadi. Bundan tashqari, vrachlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun kelgusi o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga qabul parametrlari 50 foizgacha oshiriladi.

Davr talabidan kelib chiqqan holda, bakalavriat va magistratura o‘quv rejalaridagi mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar 2 barobarga qisqartiriladi va o‘rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish fanlari kiritiladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 avgustga qadar mutaxassislik yo‘nalishlarida asosiy hisoblangan xalqaro tan olingan mualliflarning adabiyotlari hamda profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini qo‘llash bo‘yicha xorijiy darsliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish asosida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlari takomillashtiriladi.

Amaliyotga yo‘naltirilgan tibbiy ta’limni rivojlantirish

va hududlarni tor mutaxassisliklar bo‘yicha malakali vrachlar bilan ta’minlash maqsadida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura talabalarining bitiruv kursini hududiy tibbiyot markazlarida tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, endilikda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining davolash ishlari prorektorlari bir vaqtning o‘zida ushbu ta’lim muassasasi klinikalarining bosh shifokorlari sifatida ham faoliyat yuritishadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!