Elektr va gaz tarmog‘iga qayta ulanishda to‘lov undirilmaydi
Prezident farmoniga muvofiq, endilikda qarzdorlik sababli elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Ya’ni qayta ulanishda maishiy iste’molchilardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, yuridik iste’molchilardan esa o‘n baravari miqdorida to‘lov talab etilmaydi.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida «namunali iste’molchilar» uchun alohida tarif va to‘lov tartibi belgilandi.
Bunda qarzi mavjud bo‘lmagan va zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan iste’molchilarga quyidagi imkoniyatlar yaratildi:
hisobot oyi boshiga qadar 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshirish;
qolgan to‘lovlarni oy davomida amalga oshirish;
qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolish holatlari qoidalarni buzish holati sifatida baholanmasligi belgilandi.
Shuningdek, tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham alohida to‘lov tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, hosil yilining dastlabki 6 oyi — oktyabr-mart oylarida yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun:
50 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi;
qolgan qismi oy yakuniga qadar to‘lanadi;
keyingi oylardan boshlab esa 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga nisbatan qo‘llaniladi.
