EI Gresiyani Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirishga harakat qilmoqda
Evropa Ittifoqi elchilari Gresiya bilan Rossiyaga qarshi moliya sektoriga bosimni kuchaytirishga qaratilgan 21 ta sanksiya paketi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun murosaga kelishga harakat qilishdi.
Bu haqda Reuters axborot agentligi Yevropa diplomatlariga tayanib xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi paket 215 jismoniy va 94 ta yuridik shaxsga, jumladan, taxminan 90 ta Rossiya bankiga qarshi sanksiyalarni ko‘zda tutadi. Agar qabul qilinsa, u Rossiyaning xalqaro aloqalarga ega kredit muassasalarining yarmidan ko‘piga cheklovlar qo‘yadi.
Sanksiya paketi bo‘yicha kelishuvga asosiy to‘siq Gresiyaning pozisiyasi bo‘ldi. Afina Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini uchinchi mamlakatlarga o‘tkazish bo‘yicha allaqachon tasdiqlangan cheklovlarni yumshatishni talab qilmoqda.
Gresiya rasmiylari taqiq Rossiyaning daromadini kamaytirmasdan, bozor ulushini shunchaki Yevropadan tashqari tashuvchilar foydasiga qayta taqsimlaydi, deb hisoblaydi. Gresiya dunyodagi eng yirik LNG tankerlari operatorlaridan biri bo‘lib, Yevropa LNG yuk tashish bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Reuters agentligining xabar berishicha, Yamal LNG loyihasi uchun muzlatilgan suyultirilgan gaz tashuvchilarni boshqaradigan Dynagas kompaniyasi yangi sanksiyalar strategik Arktika aktivlari va texnologiyalarini G‘arb koalisiyasidan tashqaridagi mamlakatlar operatorlariga o‘tkazishga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Shu bilan birga, Yevropa razvedka agentliklari ilgari Rossiyada jiddiy bank inqirozi xavfi haqida ogohlantirgan va bank sektoriga qarshi sanksiyalarni kengaytirish Moskvaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Rossiya rasmiylari bu baholarni rad etishmoqda.
