DXX Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini aniqladi

DXX Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini aniqladi

So‘nggi vaqtlarda fuqarolarni noqonuniy yo‘llar orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishga urinish holatlari tez-tez kuzatilayotgan bo‘lib, unda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburonlar jabrlanuvchilarning pullarini olib, yarim yo‘lda ularni taqdir izmiga tashlab ketayotganliklari ayni haqiqat. Va bu borada ommaviy axborot vositalarida aholini ogohlikka chaqiruvchi materiallar e’lon qilinayotganligiga qaramasdan, joylarda fuqarolarni Amerikaga yuborishni va’da qilayotgan shaxslar uchrab turibdi.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, 30 ming AQSh dollari evaziga tanishlari orqali uni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishini aytib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t. fuqaroning ishonchiga qirib, tanishlari yordamida uni Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 21 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 10 ming AQSh dollari va 100 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda, nufuzli universitetlardan birining talabasi yuqori tashkilotda ishlovchi tanishlari orqali Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yashovchi fuqaroni Amerikaga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, har uchchala holatda fuqarolarga “O‘zbekiston – Turkiya – Yevropa – Meksika – AQSH” yo‘nalishida Qo‘shma Shtatlarga ishlash uchun yuborish va’da qilingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!