Dunyoning 44 mamlakatidan jamlangan 114 ta Qur’oni karim mushafi Istanbulda namoyish etilmoqda
Dunyoning 44 mamlakatidan jamlangan 114 ta Qur’oni karim mushafi Taksim jomesi Madaniyat va san’at markazida “Oltin harflar: 114 mushafi, yagona kalom” nomli ko‘rgazmasi doirasida san’at ixlosmandlariga namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma Islom tarixining turli davrlarida yozilgan mushaflar orqali oyatlar asosida shakllangan ma’naviy va konseptual olam bilan tanishtiradi.
Ko‘rgazmaning bosh koordinatori Abdulloh Dide Shenturk AA muxbiriga bergan intervyusida, ushbu mushaflar o‘zi ko‘ngilli sifatida faoliyat yuritadigan “mynameislam” platformasi to‘plamiga mansubligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turli mamlakatlardan safarlar davomida jamlangan mushaflar kolleksiyasi noyob asarlar bilan boyitgach, Qur’ondagi 114 ta suraga mos ravishda 114 mushafni 114 tushuncha bilan bog‘lash g‘oyasi paydo bo‘lgan.
“Ko‘rgazma 114 mushaf, 114 tushuncha va 114 sura g‘oyasiga asoslangan. Bu yerda namoyish etilgan har bir mushaf muayyan bir sura bilan bog‘lanib, o‘sha suraning mazmunini ifodalovchi eng muhim tushuncha bilan talqin etilgan. Ya’ni har bir suraning asosiy g‘oyasi ajratib olinib, uni sura bilan bog‘lagan holda mushaf oldiga joylashtirdik”, - deydi Shenturk ko‘rgazmadagi har bir mushaf o‘ziga xos ekanini ta’kidlab.
Ko‘rgazmadagi eng qadimgi asar 1698 yilda Gamburgda lotin tilida chop etilgan “Al Corani” mushafi bo‘lib, u G‘arb dunyosida Qur’onning ilk bosma tarixi haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, teri muqovali, qo‘lyozma holida saqlangan, taxminan 140 yillik Chad mushafi turli mintaqalarda Qur’on yozuv an’analarining davomiyligini namoyon etadi. Islom tarixining eng muqaddas meroslaridan biri sifatida e’tirof etiladigan va Hazrati Usmonga tegishli bo‘lgan Mushaf-i Sherif ham ko‘rgazmada o‘rin olgan.
Bundan tashqari, iroqlik mashhur xattot Ibnul Bavvob qalamiga mansub mushaf, Misr va Sudandan keltirilgan qo‘lyozma asarlar, Shayx Hamdulloh, Ahmad Karahisari va Shakarzoda Sayyid Mehmed kabi buyuk xattotlarning nufuzli asarlarining faksimile nusxalari ham ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Afrikada bolalar Qur’onni yodlash uchun foydalanadigan “lo‘h” deb nomlangan yog‘och taxtalar, Misrdan keltirilgan firuza va turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, “Falaq”, “Nos” va “Ixlos” suralari bitilgan uch qismli noyob buyum ham ko‘rgazmadan joy olgan. Vitrinalarda esa noyob, kichik hajmdagi mushaflar ham mavjud bo‘lib, ularning aksariyati qo‘lyozma holida va teriga yozilgan mushaflardir.
Ko‘rgazmada turk, usmonli va eron xattotlari bilan bir qatorda, arab mamlakatlari hamda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan xattotlarning asarlari ham taqdim etilgan. Jumladan, Bosniya va Andalusiya xattotlik maktablariga mansub asarlar, shuningdek, 10 jilddan iborat Istanbul Qur’oni ham bor.
114 ta mushafning har biri o‘z davrining estetik qarashlarini aks ettiradi va “Kalom o‘zgarmas, ammo uni ifodalovchi shakllar esa zamon bilan o‘zgaradi” degan haqiqatni yodga soladi.
“Sulton Ahmatda doimiy ko‘rgazma ochishni rejalashtiryapmiz”
Shenturk yaqin kelajakda Sulton Ahmatda “Qur’on muzeyi” nomi ostida doimiy ko‘rgazma tashkil etish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi. Ushbu loyiha doirasida xorijiy mehmonlar uchun hidoyat tushunchasi markazga olinib, 33 sura asosida 33 asosiy tushuncha yoritiladi. Ko‘rgazma, ayniqsa, islomni keyinchalik qabul qilganlarning iymon bilan bog‘liq savollariga javob berishga qaratilgan bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, ko‘rgazma 17-yanvar soat 20:00 ga qadar davom etadi.
